O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2020-yil 24-fevraldagi “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarorlarining ijrosini ta’minlash maqsadida, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev tomonidan Jamiyatni transformatsiya qilish, xalqaro auditorlik va konsalting kompaniyalarini jalb qilish topshiriqlariga asosan, mustaqil tashqi audit hisoboti tayyorlanmoqda.
Bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi tabiiy gaz qazib chiqaruvchi boshqarmalar va qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqarish jarayonlarining ishonchliligini va operatsion samaradorligini oshirish loyihasi doirasida "Ernst and Young Advisory" QK MChJ kompaniyasi vakillari tomonidan ishlab chiqilgan “Ishlab chiqarish jarayonlarining samaradorligi tahlili” ikkinchi bosqich hisoboti Uglevodorodlarni qazib chiqarish departamenti mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqilmoqda.
O‘rganish natijalariga asosan, tabiiy gazni qazib chiqarish, tayyorlash, qayta ishlash, mahsulotlarni saqlash va uzatish, uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash jarayonlarini rejalashtirish, optimallashtirish bo‘yicha xorijiy kompaniya mutaxassislari tomonidan berilgan taklif va tavsiyalar hamkorlikda muhokama qilinib, muammoli va munozarali masalalarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Uglevodorodlarni qazib chiqarish departamenti mutaxassislari tomonidan jamlangan taklif va tavsiyalarga asosan, "Ernst and Young Advisory" QK MChJ “Ishlab chiqarish jarayonlarining samaradorligi tahlili”ning ikkinchi bosqich hisobotiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishi bildirildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan