Yoz oylarining eng oxirgi oyi bo‘lishiga qaramasdan bu yilgi avgust oyi juda issiqligi bilan o‘tgan yillardagidan farq qilmoqda. Ayni shunday jazirama issiq kunlarda kishining ko‘ngli salqin va so‘lim dam olish go‘shalarini istaydi.

Maktab o‘quvchilarining ta’tillari tugashiga ham sanoqli kunlar qoldi. Soya-salqin maskan – go‘zal tabiatli oromgohlarda miriqib dam olayotgan bolalar yangi o‘quv yiliga yangi kuch va yangi shijoat bilan kirib borishni istab “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJga qarashli “Lochin” bolalarni dam olish oromgohida 5-oqimida dam olishni boshlab yuborishdi.

 

“Lochin” bolalarni dam oldirish oromgohi viloyatimizda joylashgan boshqa bolalarni dam oldirish oromgohlaridan hamma tomonlama afzal ekanligini yana bir marotaba isbotlamoqda. Bu esa o‘z o‘rnida “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJda ishlab chiqarish salohiyatining yuqori darajada ekanligi, imkoniyatlarning kengligi, xususan xodimlar va ularning farzandlarining sog‘liklari to‘g‘risida qayg‘urib o‘z faoliyatini yangi-yangi uslublar bilan boyitayotgan kasaba uyushma qo‘mitasining sa’y harakatlaridan dalolatdir.

 

Barcha oromgohlarda yozgi mavsum bri-yo‘g‘i 4 oqimdan iborat bo‘lsa, “Lochin”da ushbu mavsum 5 oqimda davom etishi tahsinga loyiq.
2019 yilning 7 avgustidan boshlangan 5-oqim bolajonlarimiz uchun turli-tuman sarguzasht va esda qoladigan tassurotlarga boy bo‘ladi deb umid qilib qolamiz. Majmua rahbariyati va kasaba uyushma qo‘mitasi bu oqimda juda katta savobli ishlarga qo‘l urdi, chunki bu oqimda 4-sonli Qamashi tumanidagi "Mehribonlik uyi" tarbiyalanuvchilari, G‘uzor va Qamashi tumanidagi Nogironlar jamiyati, G‘uzor ko‘zi ojizlar jamiyatining ro‘yxatida turgan nogironlarning farzandlari, "Miraki" MFYning boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari hamda majmuada ishlab vafot etgan xodimlarning farzandlari miriqib dam olishlari uchun qabul qilindilar.


Bolajonlarning yozgi sarguzashtlari yanada qiziqarli bo‘lishiga hissa qo‘shayotgan oromgohning faol xodimlariga yangidan-yangi ijodiy zafarlar tilaymiz.