"O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi"da bo‘lib, bu yerda pandemiya davrida to‘liq quvvat bilan ishlab chiqarishni davom ettirish va uning uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar holatini o‘rgandi.
Boshqaruv raisining buyrug‘iga asosan korxona hududida ishlab chiqarishda uzilish bo‘lishini va koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida, vaxta rejimida ishlash uchun shaharcha barpo etilmoqda.
Boshqaruv raisi qo‘shimcha 300 ta xodim uchun barcha sharoitlarga ega bo‘lgan, yengil rekonstruktsiya asosida barpo etilayotgan ushbu "Ishchilar shaharchasi"da bo‘lib, olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.
Qurilish ishlarini avgust oyi oxiriga qadar tugallash va ishlash davomiyligi bir oy muddatdan oshmagan vaxta rejimida ish tashkil qilish, ishchi-xodimlarni dam olish vaqtida kerakli jihozlar va maishiy texnikalar bilan ta’minlash, tibbiy va maishiy xizmat ko‘rsatish sharoitlarini yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, korxonaning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, vaxta rejimida ishlab turgan ishchi-xodimlarning oila a’zolaridan xabar olib turuvchi, ularni oziq-ovqat va boshqa kerakli mahsulotlar bilan ta’minlash uchun maxsus ishchi guruh tuzish taklifi berildi.
Shuningdek, ishchi-xodimlarga uzluksiz tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun sharoit hamda dori-darmonlar zaxirasini yaratish borasida ko‘rsatmalar berildi.
.
"O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruvi raisi korxonalarda mavjud tsex va qurilmalardagi texnologik jarayonlarni boshqarishda zamonaviy raqamli texnologiya usullaridan foydalanish hamda investitsiya loyihalarining amalga oshirilishiga doir ishlar bilan ham tanishdi.
"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha joriy yil reja ko‘rsatkichlarini so‘zsiz bajarilishi lozimligi ta’kidlandi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan