O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 4 may kuni yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida samaradorlikni oshirish, energiya sarfini optimallashtirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Ushbu yig‘ilishda ishtirok etgan "O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullaevga bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar yuzasidan topshiriq va vazifalar belgilab berildi.

Davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriq va vazifalar ijrosi yuzasidan Aktsiyadorlik jamiyati tizimidagi barcha korxona va tashkilotlar rahbar xodimlari ishtirokida videoselektor o‘tkazildi.

Videoselektor avvvalida, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan "O‘zbekneftgaz" AJ uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilgani ta’kidlandi va bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda joriy yil yakunigacha 3 ta propan-butan aralashmasi hamda sintetik yoqilg‘i (GTL) zavodi ishga tushirilishi bo‘yicha topshiriq berilgani aytildi.

Aviakerosin, dizel va suyultirilgan gaz importini to‘liq qisqartirish yo‘lida qilinayotgan bu ishlarni bugunning o‘zida jadallashtirish hamda ish hajmini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Boshqaruv raisi qurilish, burg‘ilash, qazib chiqarish, konlar bo‘yicha departamentlar rahbarlariga karantin qoidalariga amal qilgan holda ish suratini oshirish, sifatga alohida e’tibor berish, quduqlardan neft va gaz mahsulotlarini qazib olishni kupaytirish borasida ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, 121 ta quduqlarni burg‘ilash, 46 ta yangi quduqlarni ishga tushirish, gaz kondensati ishlab chiqarishni oshirish, vaxtada mehnat qilayotgan ishchilarning sharoitlarini a’lo darajada qilish talabi ham qo‘yildi.

"O‘zbekneftgaz" AJda moliyaviy-sog‘lomlashtirish, mablag‘larni tejash, uglevodorodlar zaxirasini ko‘paytirish, importni qisqartirish, raqamli kon dasturi bo‘yicha belgilangan ishlarni bajarish, markazlashgan dispetcherlik ishlarni tugatish kabi dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.

Boshqaruv raisi "Uzbekistan GTL" sintetik yoqilg‘i zavodi ishga tushirilishi bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgani sababli, korxona joriy yilning yakuniga qadar qurib bitirilishi uchun kerakli vazifalarni belgilab berdi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz