“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi va “Ishchi guruh” a’zolari “GTL” zavodidagi bugungi holatni o‘rganib bo‘lgach, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida “Sredazenergosetproekt” aktsiyadorlik jamiyati loyiha instituti bilan birgalikda, ushbu majmua va “GTL” zavodi o‘rtasida tashqi elektr ta’minoti loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, podstantsiya qurilish ishlari faol davom ettirilmoqda.
Boshqaruv raisi, avvalo, podstantsiyada olib borilayotgan yakuniy bosqichdagi qurilish-montaj ishlarining qanday bajarilayotganini o‘rgandi.
Infratuzilma obyektini o‘z vaqtida va sifatli ekspluatatsiyaga topshirilishini ta’minlash bo‘yicha mutaxassislar bilan muhokama qilinib, ishga qo‘shish muddatlari aniqlab olindi.
“Siemens” kompaniyasi mutaxassislari hozirgi kunda, GB/GT‐1801 gazturbinasida aylanuvchi va qo‘zg‘almas qismlar, detallarni almashtirish bilan shug‘ullanishayotgani borasida axborot berdi.
O‘z navbatida, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha joriy yil reja ko‘rsatkichlarini so‘zsiz bajarilishi lozimligi borasida qo‘shimcha topshiriqlar berildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan