15 mart holatiga ko‘ra O‘zbekistonda ham koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi. Bu borada shu kunning o‘zida Bosh vazir boshchiligida brifing o‘tkazilib tegishli choralar ko‘rish boshlandi.
Respublikamiz fuqarolariga vahima qilmasliklarini so‘raymiz!
Vahimaning o‘zi yarim kasallik, xotirjamlik yarim sog‘lik. Sabr esa shifoning boshlanishidir. (Abu Ali Ibn Sino)
Tib ilmida yuksak muvaffaqqiyatga erishgan Abu Ali Ibn Sinoning ming yillar oldin aytilgan ana shu fikrlari juda dolzarb. Chunki O‘zbekistonda ham koronavirus bilan kasallanishning ilk holati qayd etildi. Hukumat virus tarqalishining oldini olishga doir chora-tadbirlar ko‘ rishni boshladi. Ammo shuni aytish kerakki, hozirda virusdan ham ko‘ ra eng katta xavf bu vahimaga berilish bo‘lib qolmoqda.
Ana shunday vaziyatda Bolgariyalik vrach Veselin Yolovning koronavirus tufayli ommaviy vahimaga tushishni to‘ xtatishga yordam beradigan ma`lumotlarni eslab o‘tish o‘rinli. Doktor o‘quvchilarga Facebook`dagi sahifasi orqali murojaat qilib, kasallikni xotirjam qarshi olish va vahima qilmaslik sabablarini sanab o‘tdi.
Ular quyidagicha:
- 100 ming nafardan ko‘proq kishi koronavirusga chalingan. Ulardan 77 ming kishi Xitoydan. Demak, agar siz xitoylik bo‘lmasangiz yoki yaqin orada u yerga bormagan bo‘lsangiz, u holda tashvishlanishingizning 94 foizini olib tashlang.
- Agar, rostdan ham koronavirusga chalingan bo‘lsangiz, bu hali vahima qilishga sabab bo‘la olmaydi, chunki:
- 81 foiz holatda kasallik yengil shaklda kechadi, 14 foiz holatda ozgina og‘ir kechadi. Faqat 5 foizlik holatlarda ahvol keskinlashadi.
- Bu, hatto agar siz koronavirusga chalingan bo‘lsangiz ham, tuzalib ketish ehtimoli yuqori, deganidir.
- Atipik pnevmoniyadan o‘lim holati 10 foizni tashkil etgan, COVID-19 koronavirusidan vafot etganlar nisbati esa 3, 4 foizni tashkil qilmoqda.
- Bundan tashqari, agar o‘lim ko‘rsatkichlarini yoshga qarab solishtiradigan bo‘lsak, yoshi 50 dan past bo‘lgan kishilarda o‘lim holati atigi 0,2 foiz. Bu degani, agar siz hali 50 yoshga to‘lmagan bo‘lsangiz va Xitoyda yashamasangiz, lotereya yutish ehtimoli yuqoriroq
Masalan, eng yomon kun bo‘lgan 10 fevralni olib ko‘raylik, deydi bolgariyalik vrach. O‘sha kuni Xitoyda 108 kishi koronavirusdan vafot etgan.
Shu kuni:
- 26 ming 283 kishi saratondan vafot etgan;
- 24 ming 641 kishining o‘limiga yurak xastaligi sabab bo‘lgan;
- 4 ming 300 kishini diabet olib ketdi;
- 2 ming 740 kishining hayotiga pashshalar zomin bo‘ldi;
- 1 ming 300 kishi qotillik sabab hayotdan ko‘z yumgan;
- 137 kishini ilon chaqib o‘ldirgan.
Bularning barchasi shuni ko‘rsatadiki, tuturiqsiz mish-mishlar ta`siriga tushmang, dorixonalardan turli hil dori-darmonlarni sotib olavermang, xuddi oxirzamon keladigandek, oziq-ovqat zaxirasini to‘plamang!
E`tiboringizni shaxsiy gigienaga qarating, sifatli ovqatlaning, vitaminlar qabul qilib, immunitetingizni ko‘taring va yaxshi hayot kechiring!
O‘zbekistonda koronavirus haqidagi ma`lumot e`lon qilinganiga sanoqli soatlar o‘tmasdan ayrim bozor va savdo rastalarida yoppasiga oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish avjiga chiqishni boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Bu o‘z-o‘zidan oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni oshirib suniy spekulyatsiya uchun sharoit yaratishi mumkin.
Natijada suniy ravishda oziq-ovqat mahsulotlarining narxi oshishi, bozorlardagi savdo aylanmasi uchun tikilgan mablag‘larni ommaviy ortga qaytarish bahonasida moliyaviy defitsit paydo bo‘lishi, xorij valyutasining ko‘tarilishi va milliy valyutaning qadrsizlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shunday ekan ortiqcha vahimaga berilib, sarosima ketidan oziq-ovqat, kiyim-kechak, pul g‘amlashga tushish suniy muammolar keltirib chiqishiga sabab bo‘lishini unutmasligimiz lozim. Natijada ana shunday muammolar paydo bo‘lsa, uning sababchisi o‘zimiz bo‘lib qolamiz.
Quyida virusdan himoyalanish bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalarini yana bir bor eslab o‘tamiz.
1. Qo‘lingizni tez-tez sovunlab yuving, spirtli antiseptik vositalaridan foydalaning. Ayniqsa, jamoat transportidan foydalangandan keyin.
2. Ko‘z, og‘iz va burningizni ushlashdan tiyiling, qul berib salomlashmaslikka harakat qiling.
3. Aksirganda, yo‘talganda yuzingizni ro‘molcha yoki tirsagingiz bilan to‘sing.
4. Odam ko‘p to‘planadigan joylarga bormaslikka harakat qiling. Shamollash va gripp alomatlari bor odamlarga yaqinlashmang.
5. Isitma – yangi turdagi zotiljamning eng asosiy va birinchi belgilaridan biri. Isitmangiz bo‘lsa, uydan chiqmang.
6. Isitma, yo‘tal, nafas olish qiyinlashishi kabi belgilar namoyon bo‘lsa, shifokor huzuriga bormang, ammo kechiktirmasdan tibbiy yordamga telefon orqali murojaat qiling. Xonalarni tez-tez shamollatib turing.
7. Koronavirusga oid so‘ngi rasmiy xabarlardan boxabar bo‘lib turing. Yangiliklarni ishonchli, rasmiy manbalardan olishga e`tibor qarating.
Ayniqsa keksa yoshdagi, surunkali kasalliklari bor insonlar o‘zlarini avaylashlari lozim.
manba: kun.uz