O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev boshchiligida 2019 yil 19 mart kuni o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ularning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlikni targ'ib qilish masalalari muhokama qilingan edi. Yig'ilishda davlat rahbari aholi, ayniqsa, yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish masalasiga to'xtalar ekan, “Har bir rahbar o'zining shaxsiy kutubxonasidan o'zi ta'lim olgan maktab kutubxonasiga kitoblar sovg'a qilsa, bu yaxshi tashabbus bo'lib kitobxonlikni rivojlantirish bilan farzandlarimiz tarbiyasiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi”, deb ta'kidlagan edi. Ushbu tashabbusni qo'llab-quvvatlagan holda O'zbekiston neft-gaz va geologiya xodimlari Kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Shuhrat Qurbonov o'zi ta'lim olgan Qashqadaryo viloyat G'uzor tumani 4-o'rta ta'lim maktabiga tashrif buyurdi.
Sh.Qurbonov maktab o'qituvchilari va o'quvchi yoshlari bilan suhbat o'tkazdi. U maktab kutubxonasiga o'z shaxsiy kutubxonasidan 100 donadan ortiq kitoblar va o'z mablag'i hisobidan 8 dona futbol to'pi sovg'a qildi.
O'ylaymizki, ushbu kitoblar bilimga chanqoq yoshlarning intellektual salohiyati yanada oshishiga, futbol to'plari esa yoshlar o'rtasida sog'lom turmush tarzini targ'ib etish, ularni sportga, aynan futbolga bo'lgan qiziqishlari yanada ortishi, o'zbek futboli yanada rivoj topishiga xizmat qiladi.