“O‘zbekneftgaz”: Quduqlarni ta’mirlash va burg‘ulash ishlari uchun ishlatiladigan ehtiyot qismlar mahalliy ishlab chiqaruvchilardan olinadi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullaev tomonidan sohada mahalliy ishlab chiqaruvchilarga keng o‘rin berish bo‘yicha alohida topshiriq va vazifalar belgilab berildi.
Shu sababli, “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘zneftgazburg‘ulashishlari” MChJ, “O‘zneftgazquduqta’mirlash” MChJ mutaxassislari bilan hamkorlikda Navoiy viloyatida joylashgan “GIDRO STANKO SERVIS” MChJ faoliyati o‘rganildi.
Burg‘ulash ishlari hamda quduqlarni ta’mirlash uchun importdan olinadigan ehtiyot qismlarni ushbu korxonada o‘zlashtirish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.
Ma’lumot uchun: “GIDRO STANKO SERVIS” MChJ asosan tog‘-kon, neft va gaz, kimyosanoatiga ishlatiladigan reduktorlar, rolikli konveyrlar va sanoat uskunalari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan korxona bo‘lib, hozirda u yerda konstruktorlik byurosi, payvandlash tsexi, metallni termoobrabotka qilish tsexi va ishlab chiqarish tsexlari mavjud.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 2020 yilning 1-yarim yillik yakuniga ko‘ra, mahalliylashtirish dasturi doirasida 532,0 mlrd. so‘mlik mahsulotlar, yoki rejaga nisbatan 113,5% ishlab chiqarildi, importni qisqartirish 137,7 mln. dollarga, yoki rejaga nisbatan 109,4%ga erishildi, mahsulot tannarxini qisqartirish – 189 mlrd. so‘mga, yoki 100,9%ga bajarildi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan