“O‘zbekneftgaz” AJ ishlab chiqarish jarayonlarining operatsion samaradorligi va ishonchliligini oshirish” loyihasi doirasida Boshqaruv Kengashining videoaloqa tizimi orqali yig‘ilishi o‘tkazildi.

Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad – ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini yaxshilash va uglevodorod xomashyosini qazib olish va qayta ishlash jarayonlarida mavjud yo‘qotishlarni bartaraf etish.

Yig‘ilish transformatsiya va operatsion samaradorlik Departamenti tomonidan "Ernst & Young" kompaniyasi maslahatchilari ishtirokida tashkil qilindi.

Tadbir davomida “Uskunalarning ishonchliligi va mavjudligini o‘rganishni o‘tkazish” bo‘yicha maslahatchi hisoboti loyihaning birinchi bosqichidan o‘rin olgan bo‘lib, ushbu bosqichda “O‘zbekneftgaz” AJ ishlab chiqarish jarayonlari va aktivlari samaradorligini baholash ishlari olib borilgan.

Shuningdek, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi va Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi ishlab chiqarish ob’yektlarida pilot loyihalar doirasida ishlab chiqarish tashabbuslarini amalga oshirish holati borasida muhokamalar o‘tkazildi.

Muhokamalar yakunida, ishlab chiqarish korxonalari rahbariyatining istiqbolli takliflarini inobatga olib, “Ernst & Young” kompaniyasi maslahatchisi tavsiyalarini joriy qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Hozirda ishchi guruh loyihaning 2-, 3-bosqichlari natijalarini ko‘rib chiqmoqda va keyingi harakatlar bo‘yicha maslahatchi bilan muhokamalar olib borilmoqda. Ushbu masala yuzasidan kelishuvga erishilgandan so‘ng, Boshqaruv Qo‘mitasiga yuqorida ko‘rsatilgan bosqichlar doirasida olib boriladigan ishlar to‘g‘risida xulosa beriladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz