“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘i bilan jamiyat tarkibidagi korxona va boshqarmalarning ishlab chiqarish obyektlarida energiya resurslar iste’molini kamaytirish, iqtisod qilish, qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalari hamda energiya tejamkor qurilmalarni joriy qilish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 18-noyabr kuni Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida o‘tkazilgan seminar-trening ham soha vakillarining energiya resurslaridan oqilona foydalanish borasidagi o‘zaro bilim va tajriba almashinuvini yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.

Unda jamiyat tizimidagi korxona va boshqarmalar, qo‘shma korxonalar hamda xalqaro energo menejment standartini joriy qilish markazlari, “O‘zenergoinspektsiyasi” mutaxassilaridan iborat 55 dan ortiq energetik xodimlar ishtirok etishdi.

Seminar-treningda hozirgi kunda tizimdagi korxona va boshqarmalarda energiya resurslari iste’molini iqtisod qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hamda joylarda energiya resurslar ta’minoti qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda va xizmat ko‘rsatishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, shuningdek kadrlar tayyorlashning dolzarb masalalari tanqidiy muhokama qilindi.

Shu bilan bir qatorda sohada erishilgan yutuqlar, joylarda energiya resurslari ta’minoti qurilmalarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilayotganligi hamda soha vakillarining o‘zaro tajriba almashinuvi va seminar-treninglar yo‘lga qo‘yilganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Amaliy o‘quv seminar-treningni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, “O‘zbekneftgaz” AJ tarkibidagi korxona va boshqarmalarda energiya resurslaridan maksimal darajada oqilona foydalanish, texnologik jarayonlarni uzluksizligini ta’minlash, energiya resurslar iste’molini qisqartirish orqali iqtisodiy samaradorlikka erishishni jadallashtirishdan iborat.

Shuningdek, energiya resurslar ta’minoti qurilmalarini ekspluatatsiya qilish va xizmat ko‘rsatishda soha xodimlarining oqilona yondashuvini ta’minlash, eng muhimi xavfsizlik qoidalariga rioya qilishni barcha jabhalarda o‘rnak bo‘lish va yosh mutaxassislarining amaliy ko‘nikmalarini tubdan rivojlantirish ham ko‘zda tutilgan.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida energiya resurslaridan oqilona foydalanish va ularning iste’molini kamaytirib, iqtisod qilish hamda xalqaro standartlarni joriy qilish bo‘yicha maqtashga arizigulik ishlar olib borilmoqda.

Seminar ishtirokchilari 2020–2021-yillarda majmuaga o‘rnatilgan quyosh elektr stansiyasi, fotoelektrik panellar va quyosh suv isitkichlar, chastota rostlash hamda energiya tejamkor uskunalari orqali elektr energiyasini iqtisod qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan tanishtirildi.

Ishtirokchilar Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasiga qarashli Elektr ta’minoti, Elektrotexnik labaratoriyasi, Nimstansiyalar, Issiqlik energiyasi ta’minoti inshoatlari, Texnik suv tayyorlash inshoatlari hamda ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishtirildi.

Semenar yakunida energiya resurslaridan oqilona foydalanish hamda energiya resurslar iste’molini kamaytirish bo‘yicha tizimli va aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, kelgusidagi maqsad va vazifalar belgilab olindi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz