“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining topshirig‘i bilan Raqamli texnologiyalarni joriy qilish, ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish tizimini avtomatlashtirish va tabiiy gaz hisobini yuritishda aniqliq darajasini oshirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlash kerakki, 2020-yilning yanvar oyidan boshlab “O‘zbekneftgaz” AJ tizimida bir qator “Raqamli texnologiyalar”ni joriy qilish bo‘yicha loyihalar, Raqamli transformatsiya ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Gazli” gazni qayta ishlash zavodi hududini yuqori tezlikdagi aloqa tarmog‘i bilan ta’minlash maqsadida, umumiy uzunligi 50 kilometrdan ortiq optik tolali aloqa kabellari yotqizildi.

Zavod hududida to‘rtinchi avlod mobil aloqa antennalari o‘rnatilib, yuqori tezlikdagi mobil Internet joriy qilindi.

Boshqarmaning Ishlab chiqarish dispetcherlik xizmati binosidagi Dispetcherlik tezkor avtomat boshqaruv tizimi uchun serverlar, kommunikatsion shkaflar va ishlab chiqarish jarayonlarini real vaqtda kuzatib borish uchun video-devor o‘rnatildi.

“Maxsusenergogaz” xodimlari tomonidan Dispetcherlik tezkor avtomat boshqaruv tizimi uchun dasturiy ta’minotlar o‘rnatildi va sozlandi.

Ishlab chiqarish dispetcherlik xizmati, laboratoriya va ma’muriy binoda elektron hujjat aylanmasini tashkil etish, internet va IP-telefoniya tizimlari uchun jami 6000 metr kabel tortilib, serverxona tashkil qilindi.

Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli cho‘l hududida joylashgan konlardagi barcha ichki tarmoqlar boshqarma hududidagi Ishlab chiqarish dispetcherlik xizmatining zamonaviy simsiz texnologiyalari hamda yuqori tezlikdagi aloqa orqali nazoratga olindi.

Yuqoridagi ishlar “O‘zbekneftgaz” AJ axborot-kommunikatsion texnologiyalar departamenti mutaxassislari nazorati ostida amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz