Joriy yilning 19-23 may kunlari Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi tasarrufidagi "Lochin" dam olish oromgohida "Yoshlik energiyasi" shiori ostida ilk bor yoqilg‘i-energetika kompleksi yoshlarining birinchi Yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi.

Energetika vazirligi tomonidan O‘zbekiston energetika, neft-gaz sanoati va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi, yoqilg‘i-energetika kompleksi tashkilotlari va ixtisoslashtirilgan institutlar hamkorligida tashkil etilgan mazkur forumda yurtimizda joylashgan mahalliy korxonalar va Rossiya Federatsiyasi hamda Belarus davlatlaridan kelgan yoshlar bilan bir qatorda Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining yoshlari ham ishtirok etishdi.

5 kun davom etgan mazkur forumda “Barkamol yosh mutaxassis – qudratli yurt tayanchi!” shiori ostida mahorat darslari, sportning bir qator yo‘nalishlari bo‘yicha musobaqalar, intellektual zakovat o‘yinlari hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, bo‘lib o‘tgan mazkur tadbirlarda majmua yoshlari ham faol ishtirok etgan holda, bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha yuqori natijalarni qo‘lga kiritishdi. Jumladan, Zakovat intellektual o‘yinidagi faol ishtiroki uchun Abdiraximov Rustambek I darajali diplom (Etilen ishlab chiqarish sexi xodimi), Xaydarov Feruzbek II darajali diplom (Xodimlar zaxirasini shakllantirish bo‘yicha yetakchi muhandis), Normurodov Shaxzod (majmua Yoshlar ittifoqi yetakchisi), Qodirov Siroj, Jo‘raev Abduvali, Norqobilov Sanjar hamda Mixliev Shohruxlar (Majmuaning ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish loyihasi) III darajali diplom bilan taqdirlandilar.

Shuningdek, sportning voleybol turi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan musobaqalarda faol ishtiroki uchun Etilen ishlab chiqarish sexi xodimi Murtozaev A’zam II darajali diplom bilan taqdirlandi.

Quvonarlisi shundaki, majmua yoshlari mazkur forumda “Forumning eng faol ishtirokchisi” nominatsiyasida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz