Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi "Lochin" oromgohida "Yoshlik energiyasi" shiori ostida ilk bor yoqilg‘i-energetika kompleksi yoshlarining birinchi Yoshlar forumiga start berildi.
Energetika vazirligi tomonidan O‘zbekiston energetika, neft va gaz sanoati va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi, yoqilg‘i-energetika kompleksi tashkilotlari va ixtisoslashtirilgan institutlar hamkorligida tashkil etilgan forumda mahalliy ishtirokchilar qatorida Rossiya Federatsiyasi va Belarus davlatlaridan kelgan yoshlar qatnashmoqda.
Ijtimoiy faol, iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularning professional va ijodiy faoliyatini takomillashtirish, energetika tizimi kompaniyalari va tashkilotlari, xorijiy kompaniyalar va kasaba uyushmalarining faol yoshlari o‘rtasida hamkorlikni tashkil etish, yoshlarning dolzarb muammolarini hal qilishda umumiy sa’y-harakatlarni birlashtirishda mazkur forum muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Joriy yilning 27 fevral kuni energetika vaziri Alisher Sultanovning Sirdaryo viloyati Shirin shahrida yoqilg‘i-energetika kompleksi sohasidagi yoshlar bilan ochiq-muloqot shaklida o‘tkazgan uchrashuvida mazkur forum tashkil etilishi e’lon qilingan edi.
- Energetika vazirligi birinchi bor energetika sohasidagi turli tashkilotlarning vakillari bo‘lgan turli xil kasb va ijtimoiy faoliyatdagi iste’dodli va faol yoshlarning katta delegatsiyasini qabul qilmoqda, - dedi Energetika vazirligi matbuot xizmati rahbari Elmira Bekmurodova.
- Xususan, “Eriell Group” kompaniyasining yosh mutaxassislari va ishchi-xodimlari, O‘zbekistondagi eng yirik xorijiy investor kompaniya – “LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani” MCHJ yoshlari, Markaziy Osiyo va Rossiya Federatsiyasidagi neft-gaz va sanoat qurilish bozoridagi eng yirik “EPC” kompaniyasining yosh mutaxassislari, “Enter Engineering” Pte. Ltd kompaniyasi innovatsion loyiha taqdimotlari, shuningdek, “ACWA Power”, “Masdar” va “Siemens Energy” kabi boshqa kompaniyalar ishtirok etmoqda. Forum ishtirokchilarining umumiy soni 500 nafardan ortiqni, jumladan, yoqilg‘i-energetika sohasidagi ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni tashkil etdi.
Mamlakat yoqilg‘i-energetika sohasining rivojlanishi – soha yoshlarining sa’y-harakatlari va muvaffaqiyatlariga ham bog‘liq. Forumning asosiy g‘oyasi “Barkamol yosh mutaxassis – qudratli yurt tayanchi!” shiori bilan belgilanadi. Uni amalga oshirish doirasida 19-23 may kunlari yoshlar uchun “Tizimli va kreativ fikrlash”, “Shaxsiy o‘sish va o‘z-o‘zini rivojlantirish”, “Loyiha va jarayonlarni boshqarish”, “Individual va jamoaviy ishlash”, “Sohalararo aloqa” kabi yo‘nalishlar bo‘yicha mahorat darslari o‘tkaziladi.
- Avvalo, bugungi nufuzli forumda ishtirok etayotganimdan juda xursandman, - dedi Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi yosh mutaxassisi Shaxzod Hasanov. - Mazkur forum turdosh korxonalarda ishlayotgan tengdoshlar bilan bevosita muloqotga kirishish, ular bilan tajriba va fikr almashish hamda jamoaviy bo‘lib, hamjihatlikda ishlashga turtki beradi.
Davlatimiz rahbari tomonidan barcha sohalar qatori yurtimizda yoshlarni har tomonlama yetuk va komil inson qilib tarbiyalash, ularning intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, iste’dod va salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
2021 yilni “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb e’lon qilinishida katta ma’no bor. Shu jihatdan kelib aytadigan bo‘lsam, bugungi Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi tasarrufidagi "Lochin" oromgohida boshlangan Yoshlar forumi ham mana shunday ezgu islohotlarning mantiqiy davomidir.
Shuningdek, atom energetikasi forumning alohida mavzusi bo‘ladi. Unda “O‘zatom” agentligi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi ko‘magida Atom texnologiyalari bo‘yicha axborot markazining (ATAM) chiqish zonasi tashkil etiladi, bu yerda ishtirokchilar yadro texnologiyalari sohasidagi bilimlarini sinovdan o‘tkazadi.
Forumda “Eriell Group” kompaniyasining yosh mutaxassislari va muhandislarining kompaniya faoliyati to‘g‘risidagi taqdimoti ham bo‘lib o‘tadi.
Unda mutaxassislar burg‘ilash sohasida yuqori texnologiyali xizmat ko‘rsatishga zamonaviy yondashuvlar haqida so‘zlab beradi va respublikadagi eng murakkab loyihalarni amalga oshirish tajribasi bilan o‘rtoqlashadi.
Shuningdek, taqdimotda har bir ishtirokchi O‘zbekistonning tog‘-kon sanoatida muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatayotgan eng yirik xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot olishi mumkin bo‘ladi.
Forum 23 mayga qadar davom etadi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA.