“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘iga asosan, jamiyat tarkibidagi zavod, boshqarma va korxonalarda faoliyat olib borayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Kuni kecha jamiyatda yoshlar siyosati bo‘yicha 2022 yil yakuni bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va yangi 2023 yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda jamiyatning Yoshlar ittifoqi raisi boshchiligida, apparat va tizim korxonalari yoshlar yetakchilari ishtirokida 2022 yil yakuni bo‘yicha hisobotlar va 2023 yilda bajaradigan ishlar tinglandi.
Bunda tizim korxonalari yoshlar yetakchilari tomonidan 2022 yil boshidan beri amalga oshirilgan ishlar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Jumladan, “O‘zbekneftgaz” AJ tarkibidagi korxonalar rahbarlarining hududlarda istiqomat qiladigan yoshlar bilan uchrashuvlari tashkil etish holati, tizim tarkibidagi korxona rahbarlarini yoshlar bilan ishlash yondashuvi, yoshlar muammolari va takliflariga munosabati o‘rganildi.
Korxonada yoshlarning soni va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar xatlovdan o‘tkazish va qayta ro‘yxat qilinganligi, joylardagi Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda o‘tkazilgan ishlar holati sarhisob qilindi.
Tizim korxonalari yoshlari uchun sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida tashkil etiladigan sport to‘garaklari va musobaqalari, talabalarga stipendiyalar berishni yo‘lga qo‘yilganligi, “Zakovat” intellektual o‘yinlar va yoshlar kitobxonligini tashkil etilishi tahlil etilib ushbu tadbirlar 2023 yilda ham davom etirilishiga kelishib olindi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj va boquvchisini yo‘qotgan oilalarga ko‘maklashish tadbirlari bo‘yicha hisobotlar tinglandi.
2023 yilda yoshlar bilan ishlash ko‘nikmasiga ega hamda yoshlarni o‘z ortidan ergashtiradigan salohiyatli yoshlar yetakchisini vazifasiga tayinlash yoki qayta saylash, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish va tashkilotdagi yosh xodimlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora- tadbirlar dasturini ishlab chiqib tasdiqlash yuzasidan topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish davomida tizim korxonalaridan “Andijon neft bazasi” MCHJ, “To‘raqurg‘on neft bazasi” MCHJ va “Farg‘ona neft bazasi” MCHJ lar yoshlar yetakchilari o‘z vazifasiga sovuqqonlik va beparvolik bilan qarayotganligi sabab ularning faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqildi hamda kelgusidagi faoliyatlarini yaxshilash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Kelgusida 2023 yil yakuniga qadar reja-dastur asosida ishlarni amalga oshirib, tizim yoshlari bilan muntazam ravishda shug‘ullanishga qat’iy kelishib olindi.
Manba: Uzbekneftegaz | Расмий канал
«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|