O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligining prognoz ma’lumotlariga ko‘ra Respublikamizda joriy yil yoz mavsumida yuqori havo harorati saqlanib qolishi kutilmoqda.
Shuni inobatga olgan holda, yong‘in xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni yanada kuchaytirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 418-F-sonli farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida, 2023-yil 10-iyuldan 10-avgustga qadar “Shurtan GKM” MCHJ da Yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha “Dolzarb 30 kun” tadbiri e’lon qilindi.
Mazkur oylik uchun ishlab chiqilgan tadbirlar-rejasiga asosan majmuada mehnat muhofazasi, xavfsizlik texnikasi, sanoat, yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishi, obyektlarni birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan ta’minlanishi, avtomatik yong‘in o‘chirish va yong‘indan avtomatik darak berish tizim va moslamalari, sig‘imlarni suv bilan sovitish va ko‘pik bilan o‘chirish qurilmalari, yong‘inga qarshi suv ta’minoti tizimlari (suv hovuzlari, gidrant, gidromonitor, barcha turdagi (suvli, ko‘pikli, kukunli, uglekislotali) o‘t o‘chirish tizimlari, quruq quvurlar, ichki o‘t o‘chirish jo‘mraklari, motopompalar, quruq va ho‘l quduqlar va hokazo), o‘t o‘chirish vositalarining butligi va doimiy sozligi navbatdan tashqari tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, yong‘in xavfini oldini olish maqsadida suyultirilgan gaz mahsulotlarini saqlash uchun mo‘ljallangan idishlarni tasdiqlangan grafik asosida muntazam ravishda maxsus uskunalar yordamida kuniga ikki martadan sovitib turilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Qashqadaryo viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining mas’ullari yordamida majmua muhandis-texnik xodimlari, harbiylashgan yong‘indan saqlash xizmati va gazdan qutqaruv xizmatlari xodimlari o‘rtasida yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha “Dolzarb 30 kun” tadbirlarining maqsad va mohiyati yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilmoqda hamda kerakli ko‘rsatmalar berilmoqda.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati