Bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev topshirig‘i bilan jamiyat tasarrufidagi har bir korxona va tashkilot rahbari oldiga hamkor tashkilotlar bilan munosabatlarda ehtiyotkor bo‘lishga alohida e’tibor qaratish lozimligi uqtirilmoqda. Xususan, korxona va tashkilotlar yirik soliq to‘lovchi sifatida o‘z kontragentlarini tanlash chog‘ida ularning soliq organlariga hisobga qo‘yilganlik holati, ishbilarmonlik obro‘si, ishlab chiqarish bazasi va xodimlarining mavjudligini, moliyaviy holati va bitim bo‘yicha majburiyatlarini bajarish qobiliyatini yaxshi tekshirgan bo‘lishi lozimligi asosiy vazifa etib belgilab qo‘yilgan.
Joriy yilning 12-iyul kuni “O‘zbekneftgaz” AJ hamda Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi hamkorligida videokonferensiya orqali o‘tkazilgan seminar mashg‘uloti ham mamalakatimizning soliq siyosatida o‘rnatilgan yangi tartiblarga bag‘ishlandi.
Unda “O‘zbekneftgaz” AJ tarkibiga kiruvchi 26 ta korxonaning rahbarlari va hisobchilari ishtirok etishdi.
Mazkur seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqarilgan Vazirlar Mahkamasining “Mahsulotlar (tovar va xizmatlar) yagona elektron milliy katalogini joriy etish, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida tuzilgan shartnomalarni elektron ro‘yxatdan o‘tkazish va tovar-moddiy boyliklarni olish uchun ishonchnomalarni elektron rasmiylashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 249-sonli qarorida belgilab berilgan vazifalarning ijrosi tahlil qilindi va rahbar-xodimlarning bu boradagi bilimlari oshirildi.
Ma’lumki mazkur Qarorga muvofiq mahsulotlarning (tovarlar va xizmatlarning) yagona elektron milliy katalogi yaratildi hamda joriy yilning 1-iyulidan mahsulotlar (tovar va xizmatlar)ning 17 ta raqamdan iborat bo‘lgan identifikatsiya kodi joriy etildi. Yig‘lishda soliq inspektsiyasi mutaxassislari tomonidan ushbu kiritilgan yangiliklir borasida to‘liq ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, hukumat qaroriga ko‘ra joriy etilgan elektron shartnomalar hamda onlayn-NKM yoki virtual kassa cheklarida aks ettirilishi yuzasidan ham tushuntirishlar olib borildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari soliq inspeksiyasi mutaxassislaridan o‘zlarini qiziqtirgan mavzular yuzasidan savollar berishda va batafsil ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati