"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Kasaba uyushma qo‘mitasi, Murojaatlar bilan ishlash va ijro nazorati xizmati, Mehnatni tashkillashtirish va ish haqi bo‘limi, Personalni boshqarish xizmati, Majmua bo‘yicha komplayens nazorat xizmati va Buxgalteriya hisobi bo‘limining tegishli mutaxassis xodimlari tomonidan majmuaning sex, tarmoq, xizmat va bo‘limlarida ishchi-xizmatchilar uchun yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyatini tushuntirish, uning ijrosini ta’minlash masalalariga hamda "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJning 2022-2024 yillar uchun tasdiqlangan jamoa shartnomasining 2022 yil yakunlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Ushbu uchrashuvlar orqali O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Mehnat kodeksi” qabul qilinganligi munosabati bilan, unga kiritilgan o‘zgarishlar va yangi normalarning tatbiq etilishi bo‘yicha xodimlarga mutaxassislar tomonidan tushuntirishlar berib borilmoqda.
Ishchi-xizmatchilarga uchrashuvlar davomida mehnat munosabatlari, ish beruvchi va xodimlarning huquqlarini tartibga solishning yangi normalari, yillik asosiy ta’tillarni berish tartibi, ta’tillar jadvali tushunchasi va mazmun-mohiyati yuzasidan ko‘rgazmali taqdimotlar o‘tkazilmoqda.
Yangi “Mehnat kodeksi”ning kuchga kirishi xodimlarning ish sharoitlarini yanada yaxshilashga, ularning mehnatlari uchun adolatli haq to‘lanishiga, majburiy mehnatning oldini olishga, xodimlarning dam olishga bo‘lgan huquqlarini yanada kengaytirishga, pirovard natijada ish unumdorligini oshirishga, mehnat qonunchiligini xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtirishga asos bo‘lishi tushintirilmoqda.
Shuningdek, ushbu uchrashuvlarda "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJning 2022-2024 yillar uchun tasdiqlangan jamoa shartnomasining 2022 yil yakunlari bo‘yicha bajarilgan ishlar tahlili o‘qib eshittirilib, mazkur jamoa shartnomasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda 2023 yil aprel oyida majmuada bo‘lib o‘tadigan Konferensiyada ishtirok etuvchi delegatlarni saylash masalalarida ishchi-xizmatchilar tomonidan bildirilgan takliflar tinglanmoqda.
Bundan tashqari, uchrashuvlarda majmua sex, tarmoq, xizmat va bo‘linma ishchi-xodimlari o‘rtasida Odob-axloq qoidalari" va "Nizom"ining mazmun mohiyati haqida, ish va ishdan tashqari vaqtda amal qilishlari shart bo‘lgan kasbiy madaniyat va xizmat etikasiga oid ma’lumotlar berilmoqda hamda ishchi xodimlar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berilmoqda.
«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|