Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ommaviy sport turlarini rivojlantirish, qolaversa sex, xizmat, tarmoq va bo‘limlararo jamoaviy muhitni yanada yaxshilash, xodimlarning sport sohasidagi qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida majmua ishchi-xodimlari uchun yangi sport majmuasi qurilib, foydalanishga topshirildi.

Sport majmuasi voleybol va sun’iy qoplamali mini futbol maydonidan iborat bo‘lib, hozirgi zamon talabiga mos ravishda barpo etildi.

Mazkur sport inshootining tantanali ochilish marosimida “Shurtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ Bosh direktori Shuxrat Aslanov so‘zga chiqib, majmuada sportga bo‘lgan e’tibor hamda ishchi-xodimlarni sport sohasida erishayotgan yutuqlari to‘g‘risida to‘xtalib o‘tgan holda, yangi sport maskanining ochilishi bilan barchani muborakbod etdi.

Tantanali ochilish marosimidan so‘ng majmuada faoliyat yuritayotgan ayollar va erkaklar o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilib, yakunda musobaqa qatnashchilariga majmua ma’muriyati va kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati