Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga qarashli "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ obyektida yong‘in xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish bo‘limida "Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!" shiori ostida "Mustaqillik — yeng ulug‘ va yeng aziz ne’mat" mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Qahramoni, Qarshi davlat universiteti professori, Qashqadaryo viloyati Kengashi deputati M.Sharopova, "Shurtan GKM" MCHJ obyektida yong‘in xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik U.Jo‘rayev, "O‘zbekneftgaz" AJ Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti "Shurtan GKM" MCHJ bo‘yicha bosh komplayens inspektori A.Sharipov, "Shurtan GKM" MCHJ Murojaatlar bilan ishlash va ijro nazorati xizmati boshlig‘i Ulug‘bek Xonqulov hamda "Shurtan GKM" MCHJ obyektida yong‘in xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish bo‘limi shaxsiy tarkibi ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘z olganlar uchrashuv qatnashchilarini Mustaqilligimizning 32 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklagani holda, buyuk istiqlolimizning xalqimiz, ayniqsa yosh avlod qalbida vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, aynan milliy mustaqillik el-yurt uchun jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallab, huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish, shu jumladan, hayotning turli soha va tarmoqlarida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratib, erishayotgan barcha yutuq va marralarimizning asosiy manbai bo‘lib kelayotganligi to‘g‘risida ta’kidlab o‘tdilar.
Bugun O‘zbekiston o‘z mustaqil taraqqiyotining sifat jihatdan yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Bu yo‘lda u jahonning ko‘plab mamlakatlari va yirik xalqaro tashkilotlari bilan turli sohalarda samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, xorijiy davlatlar bilan do‘stona hamda o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish borasida muhim natijalarga erishilmoqda. O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizning jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashiga asos bo‘luvchi ulkan yutuqlar qo‘lga kiritildi. Shunga munosib ravishda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan islohotlar va modernizatsiya jarayonini, jumladan qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha siyosatni dunyo hamjamiyati e’tirof etmoqda - deydi tadbir mehmoni, O‘zbekiston Qahramoni M.Sharopova.
Shuningdek, tadbirda "O‘zbekneftgaz" AJ Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti "Shurtan GKM" MCHJ bo‘yicha bosh komplayens inspektori A.Sharipov so‘z olib, uchrashuv mavzusi bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi hamda so‘ngi yillarda mamlakatimizda har bir sohani tubdan rivojlantirish hamda shaffof va adolatli muhitni yaratish borasida bir qator huquqiy islohotlar amalga oshirilganligini va bundan ko‘zlangan maqsad jamiyatda sodir bo‘ladigan huquqbuzarliklarni oldini olish, shuningdek korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashishdan iboratligini ta’kidlab o‘tgani holda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati hamda bu borada joriy yilda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berdi.
Shuningdek, tadbir davomida mustaqillik yillarida mamlakatimizda barcha sohalar va tarmoqlarda erishilgan yutuq va marralar, xususan, Harbiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga berilayotgan imtiyoz va yaratilgan sharoitlar, Qurolli kuchlarning yangi qiyofasi aniq va ta’sirchan misollar orqali keng ochib berildi.
Tadbir so‘ngida mehmonimizga majmua ma’muriyati va kasaba uyushmasi qo‘mitasi hamda "Shurtan GKM" MCHJ obyektlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish bo‘limining esdalik sovg‘alari topshirildi.
«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati