Xotira tadbiri bo‘lib o‘tdi

25-Oktabr, 2017-yil Majmua yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning shu yil 27 martida qabul qilingan “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Uzbekneftegaz” AJ va O‘zbekiston neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining 2017 yil 28 sentyabrdagi №97/9-16 “s” sonli qo‘shma qaroriga muvofiq 2017 yil 13 oktyabr kuni Qarshi shahrida atoqli davlat va jamoat arbobi, adib Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlashga bag‘ishlangan xotira tadbiri o‘tkazildi. Unda Qashqadaryo viloyati hokimi, viloyat yozuvchilar uyushmasi vakillari, viloyat OAVlari vakillari, viloyat hududida joylashgan neft-gaz sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar vakillari hamda Toshkent shahridan tashrif buyurgan bir guruh mehmonlar ishtirok etdilar.

Xotira tadbirida Respublikamizni juda murakkab va og‘ir yillarda boshqarib, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, ijtimoiy va ijodiy faoliyati bilan milliy adabiyotimiz rivojiga katta hissa qo‘shgan atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidovning xotirasi yod etildi. U kishi bilan kechgan samimiy va unutilmas uchrashuvlarda shaxsan ishtirok etgan insonlar Sh.Rashidov bilan bog‘liq bo‘lib o‘tgan yorqin voqealarni yig‘ilganlarga so‘zlab berdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Jizzax viloyatida saylovchilar bilan uchrashuvda so‘zlagan nutqida Sharof Rashidov shaxsi, uning hayoti va faoliyati haqida bildirgan fikrlari videolavhalarda namoyish etildi.

Mehmonlar orasida ishtirok etayotgan O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi, Sh.Rashidovning farzandi Sayyora Rashidova tadbir tashkilotchilariga o‘z minnatdorligini izhor etdi.

photo_2017-10-25_10-27-44.jpgXuddi shunday xotira tadbiri 14 oktyabr kuni Buxoro viloyatining Buxoro shahrida ham o‘tkazildi.

Buxoro viloyatining Ko‘hna va boqiy Buxoro madaniy markazida joylashgan viloyat musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tgan ushbu xotira tadbirini Buxoro viloyati hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi O‘ktam Isayevich Barnoyev ochdi.

Tadbirda Sh.Rashidovning hayoti va faoliyati haqidagi kitob muallifi, tarix fanlari doktori Saidakbar Rizayev, falsafa fanlari doktori, professor Guli Mahmudova, geologiya-minerologiya fanlari doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan neftchi Abdujabbor Ibragimov, faxriy jurnalist, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Bevit Jumayev Sh.Rashidov hayoti va ijodi bilan bog‘lik xotirlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Tadbirning badiiy qismida Buxoro viloyat madaniyat namoyondalari va havaskor yoshlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.