“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev shu yilning 18-mart kuni GTL zavodining qurilish maydonida bo‘lib, investitsiya loyihasining amalga oshirilishi bilan tanishdi.
Bugungi kunda loyiha o‘zining yakuniy bosqichiga yetib keldi. Loyihaning umumiy ishlar ko‘lamining 95 foizi bajarildi. Zavodning qurilish maydonida qurilish-montaj ishlari yakunlanib, obodonlashtirish ishlari faol sur’atlarda amalga oshirilmoqda, asfalt yotqizish ishlari boshlanib, bo‘yoq va izolyatsiya ishlari davom ettirilmoqda. Zavodning texnologik hududlarida ishga tushirish oldi ishlari bajarilmoqda, shuningdek, quvur va uskunalarning sinovlari o‘tkazilmoqda. Hozirgi kunda 500 donadan ziyod texnika jalb etilgan bo‘lib, qurilish maydonida 9,5 ming nafardan ortiq kishi mehnat faoliyatini davom ettirmoqda.
2021-yil 18-martda “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi ishtirokida “Uzbekneftegaz GTL” zavodida birinchi qozonxona qurilmasi ishga tushirildi va bug‘ ishlab chiqarilishi boshlandi.
Hosil bo‘lgan bug‘ zavodning texnologik va ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun ishlatiladi. Bundan tashqari, tez orada zavodda bug‘ turbina generatorlari ishga tushirilib, buning natijasida zavod bug‘ energiyasi tufayli o‘z elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Uzbekneftegaz GTL” zavodida ishga tushirish-sozlash oldi va ishga tushirish-sozlash ishlari faol sur’atlarda davom etmoqda.
“Uzbekneftegaz GTL” zavodi matbuot xizmatidan