Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida barpo etilayotgan “Uzbekneftegaz GTL” zavodi Prezidentimizning 2016 yil 29 dekabrdagi “Sho‘rtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Ushbu zavodning ishga tushirilishi bilan yiliga 1,5 mln tonnagacha neft mahsulotlari importi kamaytirilishi rejalashtirilmoqda. Zavod yiliga 1,5 mln tonna yuqori sifatli va ekologik toza bo‘lgan, mavjud bo‘lgan barcha xalqaro standart talablariga to‘liq javob beradigan sintetik yoqilg‘i ishlab chiqaradi. Jumladan, 724,6 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 307,3 ming tonna aviakerosin, 437,3 ming tonna nafta, 53,4 ming tonna suyultirilgan gaz.
Zavod dunyoning neft-gaz kimyosi sohasida yetakchi hisoblanadigan “Sasol” (Janubiy Afrika), “Haldor Topsoe” (Daniya) va “Chevron” (AQSh) kabi kompaniyalarning texnologiyalari asosida loyihalashtirilgan.
Ayni paytda qurilish maydonida jami 12 mingga yaqin quruvchilar, muhandis va mutaxassislar jalb qilingan. Ularga qulaylik yaratish maqsadida qurilish maydonida doimiy savdo yarmarkasi ham tashkil etildi.
Bugungi kunda umumiy loyiha bajarilishi jami 91 foizga yetdi. Zavodning detal loyihalash ishlari yakunlangan. Qurilish-montaj ishlari 76,3 foizga bajarilgan bo‘lib, bir paytning o‘zida zavodni ishga tushirish oldi va sozlash ishlari parallel ravishda bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Ayni paytda ishchilarni qurilish maydoniga tashuvchi avtobuslar karvoni ham yana uchtaga ko‘paytirildi.
Eslatib o‘tamiz, “Uzbekneftegaz GTL” zavodida olib borilayotgan qurilish-montaj ishlarini joriy yil yakuniga qadar boschiqma-bosqich yakunlash rejalashtirilgan. Zavod 2021 yilda boshlab o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarishni boshlaydi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan