2020 yil 11 mart kuni Mehriddin Abdullaev boshchiligidagi "Uzbekneftegaz" delegatsiyasi Ozarboyjonga tashrif buyurdi
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning oktyabr oyida Ozarboyjon Respublikasiga tashrif buyurib, Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliev bilan uchrashgan edi.
Davlat rahbarlari o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qilib, bu borada birinchi galdagi vazifalarni belgilab olgan edilar.
Belgilangan vazifalarni amalda bajarish maqsadida "Uzbekneftegaz" aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev boshchiligidagi delegatsiya "SOCAR va "NIPI Neftegaz SOCAR" kompaniyalari bilan ikki tomonlama manfaatli hamda istiqbolli loyihalar yuzasidan hamkorlik masalalarini hal qilish maqsadida Ozarboyjonda bo‘lib turibdi.
Tashrifning ilk kuni "Uzbekneftegaz" aksiyadorlik jamiyati delegatsiyasi a`zolari "Azneft" kompaniyasining "Bibieybat" neft va gaz qazib olish boshqarmasida bo‘lishdi va u yerdagi ishlarni ko‘zdan kechirishdi. Shu kunning o‘zida "NIPI Neftegaz SOCAR" tajriba-sinov bazasidagi qilinayotgan ishlar ham o‘rganildi.
Istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. "Uzbekneftegaz" AJ delegatsiyasi a`zolarini Ozarboyjon Respublikasi davlat neft kompaniyasi "SOCAR" ning Prezidenti Abdullaev Rovnag Ibragim o‘g‘li va "SOCAR" ning geologiya va geofizika masalalari bo‘yicha Vitse-prezident Guseynov Bahrom Baxlul o‘g‘li qabul qildi.
Suhbat davomida Orol dengizi hududida geologiya qiduruv ishlarini amalga oshirish, G‘arbiy va Sharqiy Toshli, Shimoliy Sho‘rtan, Garmiston konlarini o‘zlashtirish masalasida hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi
"Uzbekneftegaz" AJ delegatsiyasining Ozarboyjon Respublikasiga tashrifi davom etadi.
manba: ung.uz