O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10-martdagi 136-sonli “2020–2021-yillarda ichki va tashqi bozorlarda xaridorgir mahsulotlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “O‘zbekneftgaz” AJning mahalliylashtirish dasturi amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning topshirig‘iga asosan 2021-yilda mahalliylashtirish dasturi doirasida yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish hamda mavjud quvvatlarni kengaytirish masalalariga jiddiy ahamiyat qaratilmoqda.

Xususan, dastur doirasida “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ tomonidan ishlab chiqariladigan polimer mahsulotlarini qayta ishlab, qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan sug‘orish qurilmalari va ular uchun zarur bo‘lgan butlovchi qismlarni respublikada ishlab chiqarish loyihasining ikkinchi liniyasi muvaffaqqiyatli amalga oshirildi.

Loyiha doirasida Xitoy Xalq Respublikasining “Qingdao Xindacheng Plastic Machinery Co., Ltd.” kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 470,2 ming dollarlik tomchilatib sug‘orish tizimining polimer qismlarini ishlab chiqarish liniyasi o‘rnatildi.

Joriy yil may oyidan boshlab “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJ tasarrufidagi maxsus sexda yillik quvvati 10 ming Ga tomchilab sug‘orish tizimi uchun shlanglar va ulovchi qismlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan liniyada dastlabki mahsulot ishlab chiqarila boshlandi.

Ushbu tizimi joriy etish natijasida respublikada qishloq xo‘jaligi ekin yerlarini sug‘orishda suvga bo‘lgan ehtiyojni o‘rtacha 34 mln metr kubgacha tejashga erishiladi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda respublikadagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar tomchilatib sug‘orish tizimini yetkazib berish va uning imkoniyatlaridan kengroq foydalanish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz tomchilab sug‘orish tizimi ko‘p qirrali inshoat bo‘lib, bog‘dorchilik, paxtachilik, poliz ekinlari va issiqxonalarni suv bilan sug‘orish uchun foydaliniladi. Mazkur loyihaning quvvati 2 ming Ga ni tashkil etuvchi dastlabki liniyasi 2009-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, o‘tgan davr davomida umumiy qiymati 20,0 mlrd so‘mga yaqin mahsulot realizatsiya qilingan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz