Pandemiya sharoitida mamlakatimiz iqtisodiyotini jadal rivojlantirish, mahalliy va xorijiy bozorlarda talab yuqori bo‘lgan eksportbop va raqobatbardosh sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni ta’minlash maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ “Ishchi guruh”i “Uz-Kor Gas Chemical” QK MChJda yangi loyihalarni amalga oshirish jarayonlarini o‘rgandi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning yanvar-avgust oylarida korxona tomonidan import qilingan mahsulotlar hajmi o‘tgan yilning shu davr ko‘rsatkichiga nisbatan 10,8 mln. AQSh dollarga kamaydi. “Uz-Kor Gas Chemical” QK MChJda importni optimallashtirish, tarmoqlararo kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hisobiga talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarish va eksportga yo‘naltirish bo‘yicha muhokamalar o‘tkazildi.

Hozirgi kunda “Uz-Kor Gas Chemical” QK MChJda korxonaning sanoat ehtiyojlarini qondirish maqsadida umumiy qiymati 0,29 mln. AQSh dollari bo‘lgan yuqori tozalikdagi vodorod va azot qo‘yish stantsiyalarini qurish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyihalarni amalga oshirish natijasida tarmoq importi hajmi qo‘shimcha 250 ming AQSh dollariga kamaytirilib, yiliga 780 kub.m. yuqori tozalikdagi azot va 5500 kub.m vodorod mahsulotlari olinadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ “Ishchi guruh”i tomonidan mazkur loyihaning qurilish ishlari ko‘zdan kechirildi va ishlarni jadallashtirish bo‘yicha qilinadigan ishlar belgilab olindi.

Bundan tashqari hozirda korxona tomonidan mahalliylashtirish va importni qisqartirish rejasi asosida o‘z ehtiyojlari uchun “Wash Oil” yuvish moyini ishlab chiqarish loyihasi ham tayyorlanmoqda. Loyiha qiymati 18,0 mln. AQSh dollari, bo‘lib uni amalga oshirish natijasida yiliga 5 ming tn. yuvish moylari ishlab chiqariladi.

Eslatib o‘tamiz, “Uz-Kor Gas Chemical” QK MChJ O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ikkitomonlama muvaffaqqiyatli hamkorlik natijasida 2015 yilda “O‘zbekneftgaz” AJ hamda Koreya Respublikasi kompaniyalari guruhi tomonidan tashkil etilgan.

Mazkur zamonaviy sanoat korxonasida yiliga 387 ming tn. polietilen, 83 ming tn. polipropilen, 102 ming tn. piroliz distillyati hamda 8 ming tn. piroliz moyi kabi mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqariladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz