Avval xabar berganimizdek, "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJning hayotiy sikli va asosiy ish faoliyatini ta’minlab turuvchi bir qator texnologik qurilmalarida modernizatsiya ishlari boshlab yuborilgan bo‘lib, bugungi kunga kelib har bir yo‘nalish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, zavod xavfsizligida o‘ta muhim o‘rin tutuvchi avariya holatlariga qarshi "HIMA" himoya va blokirovka boshqaruv tizimini modernizatsiya qilish ishlari ayni kunlarda qizg‘in pallaga kirgan bo‘lib, "Shurtan GKM" MCHJ va “HIMA Middle East FZE” Germaniya kompaniyasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi tarmog‘i bilan tuzilgan shartnomaga asosan, majmua "Nazorat o‘lchov asboblari va avtomatlashtirish" sexining bir guruh mutaxassislari Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan FAT (factory acceptance testing) sinovi va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha treningda qatnashib qaytdilar.

Mazkur treningdan ko‘zlangan asosiy maqsad, majmuada o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan "HIMax" avariya holatlariga qarshi himoya va blokirovka boshqaruv tizimini sinovdan o‘tkazish, qurilmalarga texnik xizmat ko‘rsatish borasida o‘zaro tajriba almashish, soha xodimlarining malaka va bilimlarini oshirish borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan iboratdir.
Ta’kidlash joizki, modernizatsiya loyihasiga ko‘ra majmuada yangi o‘rnatiladigan "HIMax" tizimi kuchli kiberxavfsizlik komponenti hamda apparat va dasturiy ta’minotning noyob kombinatsiyasi orqali barcha asosiy boshqaruv tizimlar integratsiyasini ta’minlaydi.

Ushbu integratsiya zavodning alohida komponentlarini boshqarish bilan cheklanib qolmay, butun zavod tarmog‘ini dinamik va nosozliklarga bardoshli boshqarish imkonini ham beradi.

Texnologik qurilmalarining “Avariya holatlariga qarshi himoya va blokirovka boshqaruv tizimi” ni  modernizatsiya qilish ishlarining yakuniy bosqichi, joriy yilning oktyabr oyida majmuada amalga oshirilishi rejalashtirilgan ta’mirlash ishlari vaqtiga mo‘ljallangan.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|