Oila a’zolarini sport orqali sog‘lomlashtirish va salomatligini tiklash masalalari oilada sog‘lom muhitning barpo etilishida muhim o‘ringa ega. Ana shu maqsadda O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tashabbusi bilan “Sport-mustahkam oilamiz poydevori” shiori ostida Respublika oilaviy spartakiada musobaqasining korxona bosqichi "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan majmua tasarrufidagi "Geolog" madaniy sport sog‘lomlashtrish markazining yopiq zalida ko‘tarinki ruhda, belgilangan talab me’yorlari darajasida tashkil etildi.

Musobaqalarni o‘tkazishdan asosiy maqsad – tashkilotda ishlayotgan ishchilar va ularning oila a’zolarini sportning ommaviy turlariga qiziqtirish orqali mehnat faoliyati samaradorligini oshirishga ko‘maklashish, ularni turli kasb kasalliklaridan sport va sog‘lom turmush tarzi asoslari orqali muhofaza qilish va sport bilan oilaviy shug‘ullanish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda sportning ommaviyligini oshirishdan iborat.

Keskin kurashlar ostida o‘tgan musobaqada Mexanik ta’mirlash sexi chilangari Farrux Babaevlar, Uy-joydan foydalanish xizmati yo‘riqchisi Nuriddin Tashmuradovlar va Kasaba uyushma qo‘mitasi yo‘riqchisi Ne’mat Eshqobilovlar oilalari ishtirok etishdi. Ularning belgilangan topshiriqlar yuzasidan bajargan ishlari hakamlar tomonidan baholab borildi.

Musobaqa nizomiga ko‘ra sportchi oilalar chaqqonlik, epchillik, merganlik va kuchlilikni namoyish etuvchi shartlarni bajarib, o‘z iqtidor va iste’dodlarini namoyish etdilar. Musobaqada Eshqobilovlar oilasi 24 ochko bilan peshqadamlik qilgan bo‘lsa, Toshmuradovlar oilasi 16 ochko bilan 2 o‘rinni qo‘lga kiritdi, Babaevlar oilasi 14 ochko bilan shohsupaning 3 o‘riniga munosib deb topildi. Ishtirokchilar majmua Kasaba uyushma qo‘mitasining qimmatbaxo esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Ma’lumot o‘rnida musobaqaning birinchi o‘rin sohiblari Qarshi shahridagi Olimpiya zaxiralari kollejida bo‘lib o‘tadigan viloyat bosqichi bahslarida ishtirok etadilar.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz