“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyihaning taxminiy qiymati 1,7 mlrd dollarga teng bo‘lib, loyiha doirasida “GTL” zavodida ishlab chiqariladigan 430 ming tonna naftani qayta ishlash natijasida, yiliga, yuqori likvidli bo‘lgan 280 ming tonnagacha polietilen va 100 ming tonnagacha polipropilen ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Loyihani moliyalashtirish maqsadida Rossiyaning “Gazprombank” AJdan 300 mln dollar kredit jalb qilindi.

Bundan tashqari, loyihaviy moliyalashtirish tamoyiliga asoslangan kredit mablag‘larini jalb qilish maqsadida, Xitoy davlat rivojlanish banki va boshqa moliyaviy institutlar bilan ishlar olib borilmoqda.

Shu kungacha loyiha doirasida xorijiy yuqori malakaga ega yirik kompaniyalar tomonidan kengaytirilgan bazaviy loyihalashtirish (FEED) va marketing tadqiqotlar ishlab chiqilgan.

Shuningdek, yirik ishlab chiqarish letsinziarlari bilan tegishli shartnomalar imzolangan.

Loyihani amalga oshirish uchun Singapurning “Inter Injiniring” kompaniyasi bilan batafsil loyihalashtirish, uskunalarni sotib olish va qurish uchun shartnoma imzolandi.

Bugungi kunga qadar ERS-pudratchi tomonidan loyihaga jami 375 nafar yuqori malakali mutaxassis jalb qilingan.

Loyiha doirasida batafsil loyihalashtirish ishlari 43 foizga yakunlanib, asosiy uskunalarni yetkazib beruvchilarni oldindan saralash jarayoni davom etmoqda.

Umumiy 383 tadan 73 ta asosiy texnologik uskunani ishlab chiqarishga buyurtma berildi.

Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida O‘zbekistonda polietilen hamda polipropilen ishlab chiqarish hajmlari ko‘paytirilib, yurtimizda sifatli va eksportbob tovarlar ishlab chiqarish uchun zamin yaratiladi.

 

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz