Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida 2021-yil yakuni bo‘yicha tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Bosh direktori Shuxrat Aslanov majmua ishchi-xodimlarini kirib kelayotgan yangi 2022-yil bilan samimiy tabriklagan holda, 2021-yilda majmua tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda erishilgan yutuqlar sarhisob qilindi.
Tadbir davomida "Eng intizomli jamoa", "Eng samarador jamoa", "Eng faol jamoa" hamda "Yil xodimi" nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
2021-yilning "Eng intizomli jamoa" nominatsiyasi bo‘yicha Temir yo‘l transporti bilan ta’minlash xizmati jamoasi, "Eng samarador jamoa" nominatsiyasi bo‘yicha Kapital qurilish xizmati va Qurilish montaj ta’mirlash boshqarmasi jamoasi, "Eng faol jamoa" nominatsiyasi bo‘yicha Avtotransport bilan ta’minlash xizmati jamoasi hamda "Yil xodimi" nominatsiyasi bo‘yicha Tashqi suv ta’minoti sexi boshlig‘i O‘tkir Normurodov e’tirof etildi.
Taqdirlash marosimidan so‘ng, majmuada ishchi-xodimlarining faolligini yanada oshirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarini ta’minlash va o‘z iqtidorlarini namoyon etishiga imkon yaratish maqsadida muntazam ravishda tashkil etib kelinayotgan “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining final bosqichida majmuaning energiya manbalari bilan ta’minlash bo‘limiga kiruvchi sexlardan tashkil topgan "ENERGY" jamoasi, Maishiy xo‘jalik xizmatining "DUGONALAR" hamda "Qarshitermoplast" sexi va sex poliklinikasi xodimlaridan tashkil topgan "DINAMIT" jamoalari turli shartlar asosida o‘zlarining mahorat va salohiyatlarini namoyish etishdi.
Hajviy sahna ko‘rinishlar bilan qatnashgan jamoalarning chiqishlari tomoshabinlarning olqishlari bilan qarshi olindi va hajviy janrlarga boy bo‘lgan bellashuvda kichik farq bilan "DINAMIT" jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
"Quvnoqlar va zukkolar" ko‘rik tanlovida qatnashgan jamoalarga pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ
Matbuot xizmati