"2022-yil Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili" munosabati bilan korxonada faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ishdan tashqari bo‘sh vaqtlarida madaniy xordiq chiqarishlari uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qashqadaryo vohasining Shahrisabz tumanida joylashgan “Lochin” bolalar dam olish oromgohida "Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik” shiori ostida bo‘lib o‘tgan navbatdagi "SHGKM Yoshlari: harakatdan - taraqqiyot sari" forumi ham shular jumlasidandir.

Hozirgi kunda Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida mehnat qilib kelayotgan ishchi-xodimlarning 21 foizi ya’ni 800 nafardan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi.

Yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitish, ularda birdamlik va jamoadoshlik ruhiyatini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan navbatdagi forumda, korxonaning ishlab chiqarish jarayonlariga ta’sir etmagan holda reja-grafik asosida majmuaning 3800 nafardan ortiq ishchi-xodimlardan 300 nafari ishtirok etishdi.

Forumning tantanali ochilish marosimidan so‘ng, barcha jamoalarning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qiziqarli bellashuvlarga boy bo‘lgan mazkur forumda ham seminarlar, badiiy sahna ko‘rinishlari, sport musobaqalari, zehn va tafakkur bilan birga chaqqonlik talab etiladigan intellektual o‘yinlar tashkil etildi.

Forumning dastlabki kunida “Biz bir jamoamiz!” shiori ostida bo‘lib o‘tgan chiqishlar barcha ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

“To‘g‘ri qaror - Pravilnoe reshenie” mavzusida bo‘lib o‘tgang seminar-treninglar forum qatnashchilarining katta qiziqishlariga sabab bo‘lib, o‘zlari uchun kerakli ko‘nikmalar olishlariga xizmat qildi.

Seminar-treningdan so‘ng “Ustoz - shogird” ZAKOVAT bellashui bo‘lib o‘tib, unda ishtirokchilarning intellektual qobiliyatlari yana bir bor sinovdan o‘tkazildi. O‘z nomi bilan ustoz-shogird zakovat bellashuvlari deya nomlangan aql charxi bahsida ishtirok etgan yosh xodimlar ustozlaridagi yuqori intellekt, katta bilim zaxirasining ular uchun ma’lum bo‘lmagan qirralarini aynan mana shu bellashuvlarda guvohi bo‘ldilar.

O‘yin yakunidagi natijalarga ko‘ra "Taraqqiyot" jamoasi Zakovat bellashuvi g‘olibligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, eng yaxshi o‘yinchi deya hakamlar tomonidan mexaniklar ustozi Zafar Yaxyoyev e’tirof etildi.

Kunning ikkinchi qismi sport tadbirlari bilan davom etib, ishtirokchilar futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat, shashka kabi sport turlarida bellashdilar.

Sport musobaqalari yakunlariga ko‘ra:

Futbol musobaqasida "Everest" jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Voleybol musobaqasiida "Universal" jamoasiga yetadigani bo‘lmadi. Aql mashqi hisoblangan shaxmat va shashka o‘yinlari yakuniga ko‘ra, shaxmat o‘yinlari g‘olibligi Hasan Baratovga nasib etgan bo‘lsa, shashka bo‘yicha Jamshid Negmatov g‘olib deb topildi. Stol tennisi bahslarida esa yana Zafar Yaxyoyevga g‘oliblik nasib etdi.

Ikkinchi kun yakunidagi "Quvnoqlar va zukkolar" jamoalarining chiqishlari sport tadbirlaridan so‘ng tomoshabinlarga yanada ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Unda chiqish qilgan Maishiy xo'jalik xizmatining "Axo miks", Tashqi suv ta’minoti sexining "Boshqacha" va Umumiy ovqatlanish sexining "Magnit" jamoalari o‘zlarining o‘rinli hazil-mutoyibalari bilan tomoshabinlarning ko‘ngliga ancha manzur keladigan yumorlarni taqdim etgan holda o‘zaro bellashdilar.

Bellashuv yakunlariga ko‘ra eng ko‘p ball to‘plagan Maishiy xizmat ko‘rsatish sexining "Axo miks" jamoasi bellashuv g‘olibligini qo‘lga kiritdi va ishtirokchilrga kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Forumning uchinchi kuni, ishtirokchilar milliyligimiz ramzlaridan bo‘lgan “Ustoz - shogird” osh chempionatida o‘zlarining qanchalik qo‘li shirin oshpaz ekanliklarini qolganlarga yana bir bor ko‘rsatib berishga imkoniyat berdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Chempionat yakuniga ko‘ra Etilen ishlab chiqarish tsexining "Pozitiv" jamoasi chempionat mutloq g‘olibligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Termoplast sexining "Eko plast" jamoasi ikkinchi va Nazorat o‘lchov asboblari jamoasining "Navator" jamoasi uchinchi o‘ringa loyiq ko‘rildi.

Osh chempionati yakuni Quvnoq sport estafetasi bahslariga ulanib ketdi. Unda ishtirok etgan jamoalar o‘zlaring qanchalik tezkor ekanliklari va jamoa bo‘lib qanchalik yaxshi harakat qilolishlarini ko‘rsatishdi.

Estafeta yakuniga ko‘ra Elektr ta’minoti sexining "Kuchlanish" jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Sport musobaqalari yakunlangach, ishtirokchilarning madaniy xordiq chiqarishlarin ta’minlash maqsadida Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri aktyorlari ishtirokida “Arshin mal alan” musiqali spektakli namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Kun yakunida esa forumning yopilish marosimi bo‘lib, tashkilotchilar tomonidan barcha g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi tashkil etildi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz