“Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MChJda kuniga 360 metr kub oqava suvlar tozalanadi. Hozirda ushbu tozalash inshootining quvvatini kuniga 1000 metr kubga yetkazish orqali zamonaviy tozalash inshootini qurish rejalashtirilgan.

Ayni paytda loyihaga asosan, inshootga kirish hududidagi zamonaviy tangetsial qum tutgich kompakt qurilmasi, mavjud inshootni temir beton konstruktsiyali oqovalarni qabul qilish, taqsimlash, aerotenka, birlamchi va ikkilamchi tindirgichlarni qurish ishlari olib borildi. Mavjud uskunalarni zamonaviy energiya tejamkorlarga almashtirildi.

Biologik tozalash samaradorligini oshirish maqsadida zamonaviy havo aeratorlari va oqovalarni zararsizlantirishning oxirgi bosqichida kimyoviy reagentlar o‘rniga, Koreya texnologiyasi asosida ultra binafsha nur orqali tozalaydigan uskunalarini o‘rnatish uchun keltirildi. Tozalash inshooti ishga tushgandan so‘ng tozalangan oqova suvlarni doimiy monitoringgini olib borish orqali majmuaga qarashli sanitariya himoya zonasida barpo etilgan daraxtzorlarni sug‘orish uchun ishlatilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek majmuadagi 152 gektar maydonda barpo etilgan daraxtzorlarda an’anaviy sug‘orish usulidan voz kechilib, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan. 2020-yil mobaynida mazkur daraxtlarni tomchilatib sug‘orish yordamida 45,6 ming metr kub suv sarflandi. Tomchilatib sug‘orish tizimining yo‘lga qo‘yilganligi natijasida 68,4 ming metr kub suv tejaldi.

Bundan tashqari, majmuadagi sexga qarashli demineral suv tayyorlash va bug‘ kondensatini tozalash qurilmasidagi filtrlarining yuvish jarayonida hosil bo‘lgan oqovani qayta ishlatish orqali o‘tgan yil davomida 6,3 ming metr kub suv iqtisod qilindi. Ushbu sexning sovutish tizimida loyihaviy suv sarfi soatiga 376 kub metr qilib belgilangan bo‘lib, har yili olib boriladigan tadbirlar natijasida suv sarfi soatiga 159,6 kub metrga kamaytirildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz