Azal-azaldan sportga tinchlik, do‘stlik elchisi, sog‘lom hayot kafili sifatida qarab kelingan. Jamoaviy bahslar guruhlar o‘rtasidagi iliq munosabat birdamlikka undov vositalari o‘rtasida eng yaxshisi sifatida qaralgan.

Xuddi shunday spartakiadalardan biri Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi va 99750-sonli harbiy qism xodimlari o‘rtasida tashkil etildi.

Musobaqani majmua rahbarining axborot texnologiyalari va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Faxriddin Quvvatov ochib berib, bu kabi tadbirlar o‘zaro hurmat va qolaversa sog‘lom hayot kafolati ekanligini ta'kidlagan qolda 99750-sonli harbiy qism rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Bellashuvlarning dastlabkisi mini futbol bo‘yicha tashkil etilib, unda har ikkala jamoaning 5 nafardan a'zolari qatnashdilar!

O‘yin yakuniga ko‘ra, 99750-sonli harbiy qism - "SHGKM" MCHJ 3-2 hisobi qayd etildi.

Shuningdek, tadbir davomida arqon tortish musobaqalari ham yig‘ilganlarda o‘zgacha kayfiyat uyg‘otishga xizmat qildi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yakuniy natija esa harbiy xizmatchilarning foydasiga hal bo‘ldi.

Jamoaviy bahslardan yakkakurash sport turlariga burilgan spartakiadaning keyingi sport bellashuvi armrestling bahslari bo‘ldi.

Sportning bu turi doirasida ham jamoaviy natijalarga ko‘ra, 99750-sonli harbiy qism xizmatchilarining qo‘li baland keldi.

Pnevmatik quroldan o‘q otish bahslarida har ikkala jamoa uyushqoqlik bilan harakat qilib, yakunda harbiy qism xizmatchilarining uzoq muddatli tizimli tayyorgarliklari o‘z so‘zini aytdi.

Do‘stona ruhda o‘tgan sport musobaqalari yakunida majmua rahbariyati va harbiy qism rahbari tomonidan g‘olib va sovrindorlar taqdirlandi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz