"2021-yil - Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili" munosabati bilan 29-30-31-yanvar kunlari majmuaga qarashli "Lochin" bolalar dam olish oromgohida "Kelajak bizniki" shiori ostida "SНGKM istiqbolli yoshlari" forumi bo‘lib o‘tdi.

Yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitish, ularda birdamlik va jamoadoshlik ruhiyatini shakllantirish maqsadida "Istiqbolli yoshlar forumi"ning ishlab chiqarish jarayonlariga ta’sir ko‘rsatmagan holda birinchi bosqichi 100 nafar yosh xodimlar ishtirokida tashkil qilindi.

Forumning dastlabi kunida, majmua bosh direktori Shuxrat Aslanov forum ishtirokchilarini majmuada o‘tkazilayotgan ushbu forum bilan muborakbod etgan holda, "SНGKM istiqbolli yoshlari" forumini "Biz majmuada qanday yutuqlarga erishmaylik, avvalo, siz kabi yoshlarga, sizlarning kuch-g‘ayratingiz va shijoatingizga suyanamiz. Barchangizga ma’lumki, majmua oldiga ulkan marralar qo‘yilgan. Bularning barchasiga siz kabi yoshlarning shijoati bilan erishamiz" — degan so‘zlar bilan ochib berdi.

Forumning tantanali ochilish marosimidan so‘ng, barcha jamoalarning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qiziqarli bellashuvlarga boy bo‘lgan mazkur forumda seminarlar, badiiy sahna ko‘rinishlari, sport musobaqalari, zehn va tafakkur bilan birga chaqqonlik talab etiladigan intellektual o‘yinlar tashkil etildi.

"Kelajak bizniki" shiori ostida bo‘lib o‘tgan chiqishlar barcha ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Unda forumda ishtirok etayotgan jamoalar o‘zlarining sahna ko‘rinishlarini namoyish etishdi.

Turli mazvzularda tashkil etilgan seminar — treninglarda forumda ishtirok etayotgan jamoalar tomonidan hamjihatlikda ishlab chiqilgan loyiha va takliflar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda yoshlar tomonidan bir qator takliflar bildirildi.

Jumladan:

  • majmua yosh mutaxassislarining intellektual salohiyatlarini oshirish maqsadida ilmiy anjumanlar hamda sport tadbirlarini muntazam ravishda tashkil etish;
  • asosiy sexlarni modernizatsiyalash bo‘limini tashkil qilish;
  • universal yosh liderlar klubini tashkil qilish;
  • yosh liderlarning intellektual salohiyatini rotatsiya qilish orqali oshirib borish;
  • ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida texnik jihozlar ro‘yhatini yaratish va ta’minlash;
  • loyihalash ishlarini majmuaning o‘zida amalga oshirish uchun amaliy sinov laboratoriyasini tashkil qilish;
  • majmuada IT (informatsion texnologiya) markaz ochish va bu nafaqat sanoat rivoji uchun balki, ushbu sohadagi kadrlarga bo‘lgan talabni qondirish;

Taqdimot marosimidan so‘ng, ishtirokchilarni jamoa bo‘lib ishlashga undovchi tafakkur va mantiqiy munozaralar mavzusidagi seminarlar bo‘lib o‘tdi.

Forumning ikkinchi kunida esa har xil turdagi sport musobaqalari o‘tkazildi.

"Pandemiyani sport bilan yengamiz" shiori ostida sportning bir qator turlari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan musobaqalarda faol ishtirok etgan yoshlar, o‘zlarining sport sohasidagi salohiyatlarini yana bir bor namoyish etishdi.

Kechki payt, gulxan atrofida tashkil etilgan jonli ijrodagi musiqalar sadosi ostida majmua rahbariyati va yoshlari o‘rtasidagi samimiy suhbat hamda forum uchun tayyorlangan mushaklar shousi yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

"Biz kabi yoshlarga berilayotgan imkoniyatlardan unumli va samarali foydalanamiz va bizga bildirilayotgan ishonchni oqlaymiz. Shu kabi forumlar biz yoshlarni birdamlikka va hamjihatlikka chorlaydi. Men xohlardimki bunaqangi forumlar tez-tez o‘tkazib turilsa. To‘g‘risini aytsam "Lochin" oromgohida 3 kun qanday o‘tganini sezmay qoldim va tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman" — deydi forum ishtirokchilaridan biri. 

Forumning so‘nggi kunida tashkilotchilar va ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi va Shahrisabz shahrida joylashgan tarixiy obidalarga sayohat uyushtirildi.

Ma’lumot uchun, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida 3800 dan ortiq ishchi-xodimlar faoliyat olib borishib, shundan, 800 nafardan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ

 

 

www.sgcc.uz