Shoʼrtan gaz kimyo majmuasida Siemens Energy AB hamda majmua o'rtasida uzoq muddatli xizmat ko'rsatish bo'yicha shartnoma imzolandi.

Mazkur shartnoma asosida Siemens Energy AB kompaniyasi 15 yil davomida korxonaning asosiy qurilmalaridan biri bo'lgan gaz turbinasiga profilaktik va favqulodda xizmat koʼrsatishni oʼz zimmasiga oladi.

Siemens Energy AB kompaniyasi ushbu shartnoma doirasida gaz turbinasi uchun zarur ehtiyot qisimlarni yetkazib berish va oʼz mutaxassislarini muntazam ravishda nazorat ishlariga jalb qilish, shuningdek, gaz turbina holatini masofadan kuzatish va shu bilan birga yongʼinni aniqlash va yongʼinni oʼchirish tizimini modernizatsiya qilish kabi bir qator ishlarni amalga oshiradi.

Bundan tashqari, majmua ishchi-xodimlarini malakasini oshirishi maqsadida Finspong shahrida (Shvetsiya) Siemens Energy AB malaka oshirish markazi qoshida oʼquv kurslari ham tashkil etilishi koʼzda tutilgan. 

Ta'kidlab o'tish joizki, Siemens Energy bilan uzoq muddatli xizmat koʼrsatish shartnomasi tuzilishi keyingi 15 yil davomida gaz turbinasi va uning yordamchi uskunalarini uzluksiz ishlashini va tezkor taʼmirlashni imkonini beradi. Bu esa, o'z navbatida texnologik jihatdan Sho'rtan gaz kimyo majmuasiga bogʼlangan UzGTL zavodining ishga tushirilishi arafasida muhim ahamiyatga ega.

Ma'lumot uchun, Siemens Energy AB gaz turbina va dvigatellari ishlab chiqaruvchi kompaniya bo'lib energetika yoʻnalishida yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Siemens Energy kompaniyasi tomonidan taklif etilayotgan mahsulotlar, yechimlar va xizmatlarning keng hajmi bilan deyarli butun energiya zanjirini qamrab olgan. Siemens Energy yechimlari anʼanaviy va qayta tiklanadigan energiyalarni oʼz ichiga oladi, jumladan, gaz va bugʼ turbinalari, vodorod bilan ishlaydigan gibrid elektr stantsiyalari, generatorlar va transformatorlar kiradi.

Shuningdek, Siemens Energy uchun Markaziy Osiyoda Oʼzbekiston Respublikasi asosiy bozorlardan biri hisoblanadi. 2017-yilda kompaniya tomonidan "Oʼzbekiston uchun tashabbus" keng koʼlamli hamkorlik dasturi ishga tushirilishi eʼlon qilinib, tashabbus doirasida yoqilgʼi-energetika majmui, "aqlli shaharlar" (shahar infratuzilmasini raqamlashtirish), shamol energetikasi, shuningdek, sogʼliqni saqlashni rivojlantirishda texnologik sheriklik boʼyicha qator ikki tomonlama shartnomalar imzolangan.

"Sho'rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

 

www.sgcc.uz