Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida Respublikamizning yetakchi Oliy ta'lim muassasalari hamda Ilmiy tadqiqot institutlari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, soha rivoji bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Birgina Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universiteti bilan sanoat chiqindilarni qayta ishlash yoki xavfsiz va zamonaviy zararsizlantirish usullarini topish maqsadida hamkorlik shartnomasi imzolanganligi ham shular jumlasiga kiradi.
Joriy yilning 9-10 sentabr kunlari Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida O‘zbekiston Milliy Universitetining Kimyo fakulteti, “Organik kimyo” kafedrasi doktoranti “Orto, meta-almashingan benzoy kislota murakkab efirlarining sintezi va xossalari” mavzusidagi doktorlik (PhD) dissertatsiyasi doirasida, yangi organik birikmalar karboksimetil salisilat, karboksimetil antranilat sintez qilishga erishgan yosh olim Chinmurod Yodgorov tomonidan majmuaning tajribali mutaxassislari ishtirokida mazkur organik moddalarni ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan oqova suv tarkibidagi mikroorganizmlarni zararsizlantirish bo‘yicha sinov ishlarni olib borildi.
Sinov ishlari, majmua texnik guruhi rahbari Ruslan Madiyev hamda Atrof-muhit muhofazasi xizmati boshlig‘i Sherzod Urushovlar tomonidan majmuaning ichki imkoniyatlardan kelib chiqib, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga ta'sir qilmagan holda tashkil etildi. Shuningdek, sinov ishlariga Oqova suvlarni tozalash sexi hamda Ekoanalitik laboratoriyasining tajribali mutaxassislari ham yaqindan yordam berishdi.
Sinov jarayonida sintez qilingan moddalarning turli konsentratsiyaga ega bo‘lgan atsetondagi eritmasi tayyorlanib tahlillar amalga oshirildi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra 10 % eritmaning mikroorganizmlarga ta'siri yuqori ekanligi aniqlandi.
Sinov jarayonlari so‘nggida, O‘zbekiston Milliy Universiteti doktoranti Ch.Yodgorov soha bo‘yicha Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida mehnat qilib kelayotgan tajribali mutaxassislar bilan yaqin hamkorlikda yana bir qator ilmiy ishlarni amalga oshirish hamda yangi loyihalar ustida izlanishlar olib borishini ma'lum qildi. Shuningdek, yosh olim Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida birinchi bor kelganligini bildirib, o‘z taassurotlarini quyidagicha bayon etdi:
"Haqiqatdan ham Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi yirik ishlab chiqarish korxonasi ekan. Bunga korxona bilan yaqindan tanishib laboratoriyasida tadqiqotlar o‘tkazib yana bir bor amin bo‘ldim. Sinov jarayonlarini amalga oshirishimiz uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar uchun “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ rahbariyati hamda ahil jamoasiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman".
"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ
Matbuot xizmati