Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi ishchi-xizmatchilarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga shaylikni tekshirish maqsadida maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Mashg‘ulotdan ko‘zlangan asosiy maqsad favqulodda vaziyatlar va yong‘inlar sodir bo‘lganda obyekt rahbariyati, qutqaruv tuzilmalari hamda maxsus xizmatlarning hamkorlikdagi harakatlarini samarali tashkil etishdan iborat.

Texnologik avariyalar, yong‘inlar, portlash va tabiiy ofatlar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar sharoitida fuqaro muhofazasining jami tadbirlar majmuini o‘tkazishda rahbar va maxsus xizmatlar xodimlari tarkibining bilimlari oshirilib, ko‘nikmalar hosil qildirib boriladi.

Bu kabi o‘quv jarayonlarida rahbarlik qiluvchi, qo‘mondon boshliqlar tarkibi va majmua fuqaro muhofazasi tuzilmalarining tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarni bartaraf qilish, qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni olib borish, tashkil etish, aniqlash, bashorat qilishdagi muvofiqlik faoliyati bo‘yicha bilimlari mustahkamlanadi.

Amaliy mashg‘ulotlar davomida majmua hududida shartli ravishda qo‘poruvchilik harakati, yong‘in va zilzila yuzaga keltirildi.

Ishtirokchilar zararlanish o‘chog‘ida razvedka olib borish, jabrlanganlarni izlab topish, ularni xavfsiz joyga olib chiqish, tibbiy yordamga muhtojlarga yordam ko‘rsatish va avariya-tiklash ishlarini olib borishdi.

O‘quv mashg‘ulotlari borishi jarayonida maxsus bo‘linma, viloyat FVB, tibbiy xodimlar va Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi fuqaro muhofazasi tuzilmalarining puxta tayyorgarligi namoyon bo‘ldi.

Bir so‘z bilan aytganda, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida fuqaro muhofazasi tuzilmalari shaxsiy tarkiblari qo‘yilgan barcha topshiriqlarni uddalashdi.

Mutaxassislar tomonidan majmuada terroristik, tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha harakatlarga “TAYYOR” deb qaror qabul qilindi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz