Joriy yilning fevral oyida Belorussiyaning Minsk shahrida "Ommaviy axborot va jamoatchilik bilan aloqalar" mavzusiga bag‘ishlangan Belarus-O‘zbekiston kasaba uyushmalari seminari bo‘lib o‘tdi.

Ommaviy axborot va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni samarasini yanada oshirish va o‘zaro tajriba almashish maqsadida tashkil etilgan xalqaro seminarda O‘zbekiston energetika, neft-gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi, neft va gaz hamda energetika sohalari birlamchi kasaba uyushmalari vakillari hamda Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining faol yoshlari ham ishtirok etishdi.

Tadbirning tantanali ochilish marosimi Minsk shahrida joylashgan Milliy profmarkaz shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tdi. U yerda Belarus kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Yelena Mankevich hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi matbuot kotibi Muhabbat O‘rmonbekovalar so‘zga chiqib ommaviy axborot va jamoatchilik bilan ishlash borasida kasaba uyushmalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar va galdagi rejalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashishdi.

Tadbir doirasida mamlakatimizning delegatsiyasi «Mingaz» UKga tashrif buyurib, xodimlarning mehnat va dam olish sharoitlari bilan yaqindan tanishishdi. Shuningdek, Yevropadagi eng yirik madaniyat va sport majmualaridan biri – «Minsk-Arena» dan ham bo‘lishdi. Bundan tashqari, neft-kimyo majmuasi xodimlarining qishki sport bayramlari doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi shaxmat, shashka, darts, bilyard, o‘q otish va chang‘i sporti bo‘yicha o‘rtoqlik bellashuvlarida ham ishtirok etishdi. Majmua yoshlari darts, bilyard, o‘q otish va chang‘i sporti bo‘yicha faxrli o‘rinlarni egallab, faxriy yorliq bilan taqdirlandilar.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ
Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz