Xabaringiz bor, shu yilning 20-may kuni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi kengashlarining qo‘shma majlisi o‘tkazilib, unda Konstitusiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitusiyaviy komissiya tashkil etilgan edi.

Kuni kecha "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJga O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, Konstitusiyaviy komissiya raisi o‘rinbosari Aktam Xaitov va Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha rahbari Igor Tursunovlar tashrif buyurishdi.

Tashrif avvali, majmua rahbariyati tomonidan mehmonlarni kutib olish va majmuaning 3D ko‘rinishi taqdimoti bilan boshlanib,

ishchi xizmatchilar bilan Konstitusiyaviy islohotlarning mazmun mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazib berishga bag‘ishlangan davra suhbati bilan davom etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Konstitusiyaviy islohotlarning mazmun mohiyati haqida to‘xtalar ekan, kiritilayotgan o‘zgartirishlar eng avvalo "Inson qadri uchun" tamoyilini har bir o‘zgartirishning asosiy mezoni bo‘layotganiga urg‘ulab, "Yangi O‘zbekiston-ijtimoiy davlat" g‘oyasi asosida xalqimizning farovonligi yanada yuksalishiga, inson huquqlari va manfaatlari qat'iy ta'minlanishiga qaratilgan tub o‘zgarishlarning kafolati bo‘lishini ta'kidladi.

Uchrashuv davomida Konstitusiyaviy komissiya o‘rinbosari yig‘ilganlarga tibbiy sug‘urta kafolatlari to‘g‘risidagi o‘zgartirish mazmun mohiyatini tushuntirar ekan Konstitusiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar sabab endilikda har bir xizmatchi sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari ortayotganini tushuntirib berdi.

Mazmunli o‘tgan suhbat yakuni majmua rahbariyatining mehmonga ramziy esdalik sovg‘asi topshirish marosimi bilan nihoyalandi.

Tashrifning ikkinchi qismida mehmonni zavod faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida majmua hududidagi sexlarda ketayotgan ish jarayonlari, xususan markaziy laboratoriyada yaratilgan imkoniyatlar, asosiy boshqaruv xodimlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz