Joriy yilning 19-yanvar kuni "Siemens Energy" AB kompaniyasi vakillari bilan kompaniya mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan “Dual kasbiy-texnik ta’lim” dasturi asosida majmua mutaxassislarini malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Muhokama jarayonida "Siemens Energy" AB kompaniyasi bilan hamkorlikda majmua o‘quv markazida mavjud malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslari bo‘yicha nazariy va amaliy o‘quv mashg‘ulotlarini olib borish uchun jalb qilinadigan korxonaning ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan yetakchi mutaxassislarini Germaniya ta’lim texnologiyalari asosida pedagogik mahoratini oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Ma’lumot uchun, 2021-yilning avgust oyida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi hamda "Siemens Energy" AB kompaniyasi o‘rtasida korxonaning asosiy qurilmalaridan biri bo‘lgan gaz turbinasiga profilaktik va favqulodda xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzilib, ushbu shartnoma asosida majmuaning bir guruh mutaxassislari Shvetsiyaning Finspong shahrida joylashgan "Siemens Energy" AB kompaniyasini malaka oshirish markazida o‘zlarining mahoratlarini oshirishgan edi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ
Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz