O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil fevral oyida Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida barpo etilayotgan “Uzbekneftegaz GTL” zavodining qurilish maydoniga tashrif byurgan edi.

Tashrif davomida davlat rahbari tomonidan “Uzbekneftegaz GTL” zavodida nafta xomashyosini qayta ishlashni chuqurlashtirish evaziga eksport hamda import o‘rnini bosuvchi xomashyo materiallar ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish g‘oyasi ilgari surildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017-yil 11-mayda qabul qilingan PQ–2965-sonli qarorga asosan “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Ayni paytda “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaev topshirig‘iga ko‘ra, ushbu investitsiya loyiha doirasida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida jadal ishlar olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ushbu loyihaning taxminiy qiymati 1,8 mlrd AQSh dollarini tashkil etadi. Loyiha doirasida “GTL” zavodida ishlab chiqariladigan 430 ming tonna naftani qayta ishlash natijasida, yiliga, yuqori likvidli bo‘lgan 280 ming tonnagacha polietilen va 100 ming tonnagacha polipropilen ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Buyuk Britaniyaning “HIS Markit” kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan marketing tadqiqotlar natijasida yangi zavodda polietilen va polipropilenning yuqori talabga ega markalarini ishlab chiqarish taklif qilindi.

Yangi zavodda ishlab chiqarilishi mo‘ljallangan yuqori zichlikdagi polietilen va polipropilen keng sohalarda ishlatilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular quvurlar, plyenka va tolalar ishlab chiqarish hamda ekstruziya jarayonlariga mo‘ljallangan. Bu turdagi mahsulotlar hozirgi kunda nafaqat O‘zbekistonda, balki yaqin xorijda ham ishlab chiqarilmaydi.

Loyihani moliyalashtirish maqsadida Rossiyaning “Gazprombank” AJdan 300 mln AQSh dollar kredit jalb qilindi. Bundan tashqari loyihaviy moliyalashtirish tamoyiliga asoslangan kredit mablag‘larini jalb qilish maqsadida Xitoy davlat rivojlanish banki, Sinoshur ekspor-kredit agentligi va Yevropa moliyaviy institutlar bilan ishlar olib borilmoqda.

Shu kunga qadar loyiha doirasida yuqori malakaga ega bo‘lgan Buyuk Britaniyaning “Worley Parsons” kompaniyasi tomonidan kengaytirilgan bazaviy loyihalashtirish (FEED) ishlab chiqilgan.

Bundan tashqari loyiha doirasida dunyoda taniqli bo‘lgan ishlab chiqarish lizenziarlari tanlangan bo‘lib, ular AQShning “Shevron Pilliphs Chemical” (polietilen ishlab chiqarish) va “McDermott” (polipropilen ishlab chiqarish va nafta krekingi qurilmasi) kompaniyalaridir.

Loyihani amalga oshirish uchun Singapurning “ENTER Engineering” kompaniyasi bilan batafsil loyhalashtirish, uskunalarni sotib-olish va qurish uchun shartnoma imzolandi.

Bugungi kunga qadar ERS – pudratchi tomonidan loyihaga jami 528 yuqori malakali mutaxassis jalb qilingan. Loyiha doirasida batafsil loyihalashtirish ishlari 46 foizga yakunlandi.

Batafsil loyihalashtirish ishlariga Janubiy Koreyaning “Hyundai Engineering” va “DJS ENGINEERING AND CONSTRUCTION” kompaniyalari jalb qilingan bo‘lib, ularning yuqori malakali va katta tajribaga ega bo‘lgan muhandislari “O‘zbekneftgaz” AJ va Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining yetakchi mutaxassislari bilan birgalikda loyihalashtirish ishlarini amalga oshirishmoqda.

Loyihani amalga oshirish jarayonlarini muvofiqlashtirish uchun buyurtmachiga yordam berish maqsadida “Bureau Veritas Certification service” kompaniyasi ham jalb qilingan.

Hozirgi kunga kelib asosiy uskunalarni yetkazib beruvchilarni oldindan saralash jarayoni davom etmoqda. Umumiy 381 tadan 110 ta asosiy texnologik uskunani ishlab chiqarishga buyurtma berildi.

Jumladan Germaniyada sovutish va mahsulotni qadoqlash va izobutan-azot qayta ishlash uskunalari, polimerizatsiya reaktor agitatori, polimerizatsiya reaktori, Xitoy Xalq Respublikasida polietilen kukuni va mahsulotni transfer qilish uskunasi hamda sfera rezervuari, Janubiy Koreyada polipropilen kukuni va mahsulotni transfer qilish uskunasi va retsikl izobutan nasosi, Fransiyada polimer kukuni va qo‘shimchalar yetkazish uskunalari, Italiyada sovutish uskunasi va xalqasimon reaktor, AQShda reaktor sirkulyatsiya nasosi, Kanadada “Blow Film” ekstruder qurilma paketi, Turkiyada “Zaxira rezervuari-1”, “Zaxira rezervuari-2”, Gollandiyada “Rezervuar” va “Kreking pechi (SRT Furnaces)” kabi uskunalar buyurtma asosida tayyorlanmoqda.

Mazkur loyihani amalga oshirish natijasida O‘zbekistonda polietilen hamda polipropilen ishlab chiqarish hajmlari oshirilib, yurtimizda sifatli va eksport tovarlar ishlab chiqarish uchun zamin yaratiladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz