Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida “Korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida komplaens nazorat tizimi joriy etilishi va uning ahamiyati” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Avvalo, shuni alohida ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasining “Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-fevraldagi “Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–2752-sonli, 2020-yil 4-apreldagi PQ–4664-sonli Qarorlariga muvofiq, “O‘zbekneftgaz” AJ boshqarma va korxonalarida korruptsiyaviy holatlarning barcha ko‘rinishlariga qat’iy chidamsizlik ruhiyatini shakllantirish ishlari olib borilmoqda.

Jamiyatda ushbu Qarorlarning ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator tizimli ishlar amalga oshirildi.

Ma’lumki, “2019–2020-yillarda korruptsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi”ning 21-bandida Ustav jamg‘armasida davlat ulushi bo‘lgan tashkilotlarda korruptsiyaga qarshi komplaens nazorat tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Ushbu dastur ijrosini ta’minlash yuzasidan “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining topshirig‘i bilan Moliyaviy va komplaens nazorat departamenti tashkil etildi va tizim tarkibidagi barcha boshqarma, ma’suliyati cheklangan jamiyatlarda komplaens inspektorlar lavozimi joriy qilindi.

Moliyaviy va komplaens nazorat departamentining hududiy komplaens inspektorlari M.Mirzaev va A.Dustovlar tomonidan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida o‘tkazilgan seminarda korruptsiyaga qarshi komplaens nazorat orqali ushbu illatga barham berish yo‘llari haqida batafsil axborot berildi.

Xususan, qonun buzilish holatlarining oldini olishga qaratilgan nazorat choralarini qo‘llash va tegishli me’yoriy hujjatlar ishlab chiqish ham ana shunday tadbirlardan biridir.

Bundan tashqari, xodimlarni ishga qabul qilishda shaffoflikni ta’minlash maqsadida, bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar Jamiyatning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida e’lon qilib borilmoqda va real vaqt rejimida test sinovlaridan o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, tizimdagi korxonalarda tashkiliy, moliyaviy va xo‘jalik jarayonlarini monitoring qilish va boshqarishga yo‘naltirilgan, inson omilini qisqartirish va korruptsiyaga oid xavf-xatarlarning oldini olishga qaratilgan hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan korporativ axborot tizimi joriy etilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi boshqarma va zavodlarda, neft va gaz qazib olinayotgan quduqlarda, mahsulotlar saqlanayotgan va tarqatilayotgan bazalarda raqamli texnologiyalarni joriy qilish, ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish tizimini avtomatlashtirish va tabiiy gaz hisobini yuritishda aniqlik darajasini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham korruptsiyaning ildiziga bolta uruvchi tadbirlardan biridir.

Bahs va munozaralarga boy tarzda davom etgan mazkur seminar yakunida, ishtirokchilar soha bo‘yicha o‘zlarining savol va takliflarini bildirishdi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz