Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida "Favqulodda vaziyatlar va yong‘inlar sodir bo‘lganda ob’yekt rahbariyati, qutqaruv tuzilmalari hamda FVDqT xizmatlarining hamkorlikdagi harakatlari" mavzusida taktik-maxsus o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.

Majmuada bo‘lib o‘tgan taktik-maxsus o‘quv mashg‘ulotlarida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi polkovnigi T.Maxmadziyaev hamda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i F.Mirzaevlar ham ishtirok etishdi.

O‘quv mashqlar davomida shartli ravishda e’lon qilingan qo‘poruvchilik harakati hamda zilzila davrida korxona hududida yuzaga kelgan avariya natijasida havoga zaharli moddalar tarqalganda, FVDT tarkibiga kiruvchi korxona va tashkilotlar favqulodda vaziyatlarga qay darajada tayyor ekanliklari, korxona ishchilarining bunday vaziyatlarda ularning harakatlari sinovdan o‘tkazildi.

Shu bilan birga, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni barvaqt aniqlash hamda uni tekzorlik bilan bartaraf etish maqsadida ishchi-xizmatchilardan iborat qutqaruv, razvetka, jamoat tartibini saqlash, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, aloqa va xabar berish, evakuatsiyalash, ta’minot hamda yong‘in o‘chirish guruhlari karantin qoidalarga rioya etgan holda ishtirok etdilar.

Ushbu mashg‘ulot rejasiga ko‘ra, shartli zilziladan so‘ng majmuaning ishlab chiqarish ob’yektlaridan birida yong‘in sodir bo‘ldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda majmua ishchi-xizmatchilardan iborat qutqaruvchilar o‘z pozitsiyalari asosida darhol yong‘inni bartaraf etishga kirishdilar va yong‘in haqida dastlabki ma’lumotlarni barcha tezkor xizmatlarga xabar berish va ogohlantirish, so‘ngra sodir bo‘lgan shartli yong‘inni bartaraf etish uchun jalb qilinadigan kuch-vositalarni to‘g‘ri yo‘naltirish, jabrlanganlarni xavfsiz hududga olib chiqish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish harakatlari amaliy tarzda ko‘rsatib o‘tildi.

Albatta, bunday mashqlar orqali ixtisoslashgan xizmat xodimlari va qutqaruvchilarda kutilmagan vaziyatlarda ham kerakli ko‘nikmalarni rivojlantirishga zamin yaratiladi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgcc.uz