"O‘zbekneftgaz" AJga qarashli "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" etilen va polietilen ishlab chiqaruvchi yirik korxona bo‘lib, bu yerda 4 mingga (hozirda 3841 nafar)ga yaqin ishchi-xodimlar faoliyat olib borishadi.

Koronavirus pandemiyasi davrida zavod faoliyatida, aynan ana shu ishchi-xodimlarning fidokorona mehnatlari evaziga bir daqiqa ham to‘xtalish bo‘lgani yo‘q, aksincha, ishlab chiqarish hajmi avvalgi davrga nisbatan sezilarli darajada oshdi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning topshirig‘iga asosan, "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi"da ishlab chiqarishdagi samaradorlikni saqlab qolish va uzluksizlikni ta’minlash maqsadida, yangi loyiha, ya’ni "Ishchilar shaharchasi" qurilishi boshlandi. 2020 yilning 1-yarim yilligida majmua tomonidan tabiiy gazni qayta ishlash – 2 123,561 mln. kub metr (rejaga nisbatan 110,2%), gaz kondensati ishlab chiqarish – 52,989 ming tonna (rejaga nisbatan 118,5%), suyultirilgan gaz ishlab chiqarish – 59,298 ming tonna (rejaga nisbatan 109,4%), polietilen ishlab chiqarish – 66,970 ming tonna (rejaga nisbatan 109,2%), oltingugurt ishlab chiqarish – 0,510 ming tonna (rejaga nisbatan 108,5%) ga bajarilgani so‘zimiz isbotidir.

"Ishchilar shaharchasi" jami 607 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, shundan 400 o‘rinli 48 ta xonadon, 117 o‘rinli bitta yotoqxona, 60 o‘rinli mehmonxona, 30 o‘rinli 2 ta kottej qurib bitkazildi va foydalanishga topshirildi. Qolgan ishchi-xodimlarning vaxta rejimida ishlash borasidagi xohish va takliflari inobatga olinib, qo‘shimcha 300 o‘rinli yengil konstruktsiyali yotoqxonalar qurilishi boshlandi.

"Ishchilar shaharchasi"da bo‘lib, qurilish ishlari holatini o‘rgangan Boshqaruv raisi tomonidan, zamon talablariga javob beradigan yotoqxonalar 2020 yilning 1 sentyabriga qadar qurib bitkazilishi bo‘yicha topshiriqlar berildi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" tomonidan amaliyotda ilk bor, 400 nafar xodim baravar vaxta rejimida ishga jalb qilindi va bu sinov-tajriba o‘z samarasini berdi. 400 nafar ishchi-xodimlar vaxta rejimida ish boshlashdan avval, koronavirusga test topshirishadi va uning natijasi ma’lum bo‘lgach, o‘z ish faoliyatlarini boshlaydilar. Vaxta rejimida esa ular to‘liq izolyatsiya holatida bo‘lishadi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun olingan litsenziyaga asosan, 50 nafar tibbiyot xodimlaridan iborat, tunu kun xizmat ko‘rsatuvchi poliklinika ish boshladi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazidan olingan ruxsatnomaga asosan esa, epedimiologik vaziyatni nazorat qilish uchun koronavirusga test olish laboratoriyasi tashkil qilindi.

Ta’kidlash kerakki, infektsiya tarqalishining oldini olish, ishlab chiqarish samaradorligini ta’minlash uchun qilingan ishlarning natijasida, "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" tomonidan 2020 yilning yanvarь-iyul oylari uchun eksport ko‘rsatkichlari muvaffaqiyatli bajarildi. Jumladan, natural ko‘rinishda 11,7 ming tonna polietilen eksport qilish topshirig‘i, 17,122 ming tonnaga (146,34%) bajarildi.

Bundan tashqari, korxona tomonidan joriy yilning iyul oyida "Mahalliylashtirish dasturi" doirasida tomchilatib sug‘orish tizimi polimer qismlari ishlab chiqarish bo‘yicha, umumiy qiymati 3,454 mlrd. so‘mlik import o‘rnini bosuvchi xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarildi va belgilangan reja bajarildi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha joriy yil reja ko‘rsatkichlarining so‘zsiz bajarilishi borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz