Joriy yilning 26-27-oktyabr kunlari Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida joylashgan “Uzbekistan GTL” zavodi ma'muriy binosida “Ta'lim-ishlab chiqarish klasterida yoshlarning o‘rni” mavzusidagi Respublika ilmiy-texnikaviy anjumani o‘tkazildi.

Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 7-iyuldagi “Neft va gaz sohasida ta'lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-309-sonli qarori hamda “O‘zbekneftgaz” AJ Neft va gaz sohasida ta'lim-ishlab chiqarish klasterini faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengashi yig‘ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, anjumanda, Respublikaning 15 dan ortiq oliy ta'lim va ilmiy tekshirish institutlari, shuningdek, sanoat korxonalarida faoliyat yuritayotgan 100 dan ortiq yosh olimlar va mutaxassislar qatnashishdi.

Konferensiya dasturi doirasida 4 ta seksiya yig‘ilishi: “Geologiya-qidiruv ishlari va neft-gaz konlarini ishlatishdagi innovatsiyalar”, “Neft va gazni qayta ishlash bo‘yicha innovatsion tadqiqotlar”, “Neft va gaz kompleksida barqaror rivojlanish (ESG) tizimini takomillashtirish”, “Neft va gaz sohasida raqamlashtirish tizimini takomillashtirish” mavzularida bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda qatnashayotgan yosh olimlarni rag‘batlantirish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi tashabbusi bilan uchta alohida nominasiya bo‘yicha: “Eng yaxshi amaliy loyiha”, “Eng yaxshi innovasion loyiha” va “Eng yaxshi yosh olim” yo‘nalishlari hamda seksiyalar bo‘yicha g‘oliblarini aniqlash yuzasidan tanlovlar o‘tkazildi.

Unda, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi Markaziy laboratoriyasi yosh mutaxassisi, SHGKM kelajak liderlari klubi a'zosi Akbarali Rasulov ham ishtirok etib, biz yuqorida keltirib o‘tgan nominasiyalarning “Eng yaxshi innovasion loyiha” yo‘nalishida faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi!

Majmuaning ko‘p ming sonli ishchi-xodimlari nomidan ushbu yutuq bilan Akbarali Rasulovni tabriklaymiz va kelgusi faoliyatlarida, ilm-fan sohasida olib borayotgan izlanishlarida ulkan zafarlar tilab qolamiz!

"Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJ Matbuot xizmati

 

 

www.sgccc.uz