Joriy yilning 24-26-may kunlari Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanining Miroqi shaharchasida joylashgan “Lochin” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida "Shurtan gaz kimyo majmuasi" MCHJda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar ishtirokida "Baxtli kelajak sari" shiori ostida “SHGKM Shijoatli xotin-qizlari forumi” o‘tkazildi.

Majmuada mehnat qilib kelayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatlarini takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan mazkur forumda, korxonaning ishlab chiqarish jarayonlariga ta’sir etmagan holda 200 nafar xotin-qizlar ishtirok etishdi.

Forumning dastlabki kuni tantanavor ochilish marosimi bilan boshlandi va guruhlarga bo‘lingan jamoalarning qisqa vaqt ichida tayyorlagan qiziqarli taqdimotlari bilan davom etdi.

Shundan so‘ng, majmuada ishchi-xodimlarning bo‘sh vaqtlarini ko‘ngilli va mazmunli o‘tkazish, iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularga o‘z imkoniyatlarini yuzaga chiqarish uchun sharoit yaratish maqsadida an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Quvnoqlar va Zukkolar” ko‘rik-tanlovining ikkinchi saralash bellashuvi bo‘lib o‘tdi.

Qizg‘in bahs-munozaralarga va hushkayfiyat ulashuvchi holatlarga boy bo‘lgan tadbirda jamoalar turli shartlar asosida o‘z bilim va mahorati, hozirjavobligi, intellektual salohiyatini namoyish etgan holda forum ishtirokchilariga bir olam zavq ulashishdi.

Forumning ikkinchi kuni ishtirokchilarni ilm olishga, kitob o‘qishga, izlanishga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan "Zakovat" intellektual o‘yini bilan boshlandi.

Shuningdek, "Quvnoq estafeta" hamda sportning voleybol, shaxmat-shashka, stol tennisi va arqon tortish kabi turlari bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi.

Rahbariyat tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur forum jonli ijrodagi kuy-qo‘shiqlar va badiiy chiqishlarga boy tarzda o‘tkazildi.

Forumning yopilish marosimida o‘tkazilgan barcha sport musobaqalari va bellashuvlarda g‘olib bo‘lgan ishtirokchilarga diplomlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.

«Shurtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati