"SHGKM" MChJda olim va professor o‘qituvchilar ishtirokida ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 21-22 dekabr kunlari "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJda Toshkent kimyo texnologiya institutining bir qator olim va professor o‘qituvchilari ishtirokida korxonada faoliyat olib borayotgan yosh mutaxassislarini ilmiy izlanish olib borishlari hamda ularni ilmiy izlanuvchanlikka (PhD) yo‘naltirishga bag‘ishlangan ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Toshkent kimyo texnologiya institutining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori hamda olim va professor o‘qituvchilari bilan bir qatorda majmuada ilmiy izlanish olib borayotgan bir qator yosh izlanuvchan mutaxassislari ishtirok etishdi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardan biri yoshlarni ilmga-fanga jalb etish, ularni ilgari surayotgan loyiha va tashabbuslarini yuzaga chiqarish hamda el-yurtimizga fidoiy vatanparvar inson, izlanuvchan va o‘z ustida ishlaydigan mutaxassis bo‘lib shakllantirishga xizmat qiladi. Asosiy maqsadimiz ilmiy tadqiqot olib borayotgan iqtidorli yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy ish mavzularini nufuzli oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari bilan hamkorlikda olib borilishini, shuningdek, yoshlarning asosiy ilmiy yo‘nalishlarini ilm-fan sohasidagi muammolarga bag‘ishlanishini to‘liq ta’minlashdir.

 

Anjuman davomida "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ hamda Toshkent kimyo texnologiya instituti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

Ushbu memorandumni imzolashdan maqsad Toshkent kimyo texnologiya institutida tahsil olayotgan talabalarning majmuada asosiy ishlab chiqarish jarayonlarida amaliy ish o‘rganishlarini tashkillashtirish, ishlab chiqarish va diplom oldi amaliyotlarini o‘tkazishlarida, diplom ishi mavzulari bo‘yicha kerakli materiallar bilan ta’minlanishiga ko‘maklashish, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni rag‘batlantirib borish bilan bir qatorda Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida faoliyat olib borayotgan yosh, ilmiy izlanuvchan mutaxassislarning har tomonlama bilim saviyasini oshirish, korxonaning mavjud muammoli masalalarini ilmiy hal etishga qodir salohiyatli kadrlar zaxirasini yaratishda institutning yetuk professor-o‘qituvchilar bilan doimiy hamkorlikda ish olib borilishini nazarda tutadi. 

Anjuman yakunida Sho‘rtan gaz kimyo majmuasiga tashrif buyurgan professor olimlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MChJ

 

 

www.sgcc.uz