Futbol bo‘yicha Qashqadaryo viloyat "Hokim kubogi-2023" turniri o‘z yakuniga yetdi. 25 fevral kuni Qarshi Davlat Universiteti sun’iy qoplamali maydonida turnirining final o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.

Unda dastlab 3-o‘rin uchun kurashga kirishgan “Yunired” (Samarqand) va “Mikrokreditbank” (Toshkent) jamoalari o‘rtasidagi bellashuvda, "Mikrokreditbank" jamoasi 2:4 hisobida g‘alaba qozonib musobaqaning 3-o‘rinini egallashdi.

Bosh sovrin uchun majmuamiz terma jamoasi G‘uzorning "Sho‘rtan" PFK jamoasi bilan bahs olib bordi. Keskin va teng kurashlarga boy bo‘lgan uchrashuvning asosiy vaqtida 1:1 hisobi qayd etildi. G‘olib qo‘shimcha bo‘limlarda aniqlanadigan bo‘ldi. Qo‘shimcha bo‘limlarda "Sho‘rtan" PFK jamoasi a’zosi B.Suvonov tomonidan kiritilgan yagona gol evaziga "Sho‘rtan" PFK jamoasi turnir g‘olibi bo‘ldi.
Turnir yakuniga ko‘ra taqdirlash marosimida viloyat futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Sh.Egamberdiyev, "Nasaf" PFK direktori A.Yusupov, "Nasaf" PFK Bosh murabbiyi R.Berdiyev va "Sho‘rtan" PFK Bosh menejeri Sh.Yarulinlar ishtirok etishdi va turnir sovrindorlari va turli nominatsiyalar g‘oliblarini diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlashdi.
Ma’lumot uchun, majmuamiz terma jamoasi himoyachisi Shahzod Abduvaitov turnirning eng yaxshi himoyachisi deb topildi.

Qiziqarli o‘tgan va oxiriga qadar muxlislarni hayajonda ushlab turgan ushbu turnirda yangitdan shakllanib kelayotgan "SHGKM" terma jamoasi Pro liga, Birinchi liga vakillari bo‘lgan bir qator tajribali va kuchli raqiblarni birin-ketin mag‘lub etgani holda turnir finaliga qadar yetib kelgani va turnirda faxrli 2-o‘rinni egallagani tahsinga sazovordir.
"Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" MCHJning ko‘p ming sonli mehnat jamoasi "SHGKM" terma jamoasi futbolchi va murabbiylarini ushbu yutuq bilan tabriklagani holda kelgusi turnirlardagi ishtiroklarida omad va zafarlar tilaydi!

«Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi» MCHJ Matbuot xizmati
|web-sayt|telegram|YouTube|