"O‘zbekneftgaz" va "Zarubejneft" aktsiyadorlik jamiyatlari ishtirokida "ANDIJANPETRO" MChJ qo‘shma korxonasi tashkil etilgan edi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruvi raisining topshirig‘iga asosan, qo‘shma korxona tomonidan zamonaviy uskunalar, texnologiyalar va neft qazib chiqarish usullarini qo‘llagan holda "Xartum", "Sharqiy Xartum" va "Janubiy Olamushuk" konlaridan neft qazib chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Hozirgi kunga qadar, "Janubiy Olamushuk" konidagi neft tayyorlash punktida neftni uzluksiz tayyorlash va hisoblashni avtomatlashtirilgan tizim yordamida nazorat qilish maqsadida sig‘im parkida 6 ta sathni o‘lchash moslamalari o‘rnatildi.

"Xartum" konidagi quduqlarni masofadan monitoring qilishni tashkillashtirish uchun 4 ta quduqda suyuqlikni o‘lchovchi hisoblagichlar o‘rnatildi. Oktyabr oyi so‘nggigacha yana 13 ta, 2021 yil so‘nggiga qadar esa barcha quduqlarda hisoblagichlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Ushbu konga qarashli 43-sonli quduqqa "OZNA" o‘lchash uskunasining o‘rnatilishi natijasida, operatorlar telemexanika kanallari orqali quduqlardagi hisoblagichlar ko‘rsatkichlari, quduq fondining ishlash jarayoni va neft hajmi haqida so‘nggi va aniq ma’lumotlarni olishga muvaffaq bo‘lishmoqda.

Mavjud obyektlar va mol-mulklar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, muhim obyektlar perimetri bo‘ylab kuzatuv uskunalari o‘rnatildi, qo‘riqchilar radioaloqa uskunalari bilan ta’minlandi.

Qazib chiqarish hajmini oshirish maqsadida, to‘xtab turgan quduqlarni ishga tushirish, quduqlarni ustki qatlamga o‘tkazish, neft qazib olishni jadallashtirish, ishlatish tizimini optimallashtirish, quduq tubini tozalash kabi geologik-texnik tadbirlar hamda kapital-joriy ta’mirlash ishlari rejaga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, 'Xartum" va "Sharqiy Xartum" konlarining gidrodinamik modellari yaratildi. Joriy yil yakuniga qadar "Janubiy Olamushuk" konining modelini yaratish ishlari yakunlanishi rejalashtirilgan.

Yaratilgan modellar yordamida geologik-texnik tadbirlar o‘tkazish obyektlari va turlariga o‘zgartirish kiritilishi va yangilari joriy etilishi mo‘ljallangan.
Ta’kidlab o‘tish kerakki, loyiha doirasida jami 13,9 mln AQSh dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, shundan joriy yilda 3,4 mln AQSh dollari o‘zlashtirildi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Matbuot xizmatidan

 

 

www.sgcc.uz