“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning topshirig‘iga asosan, tabiiy gaz qazib olish hajmini oshirish uchun konlar va quduqlarda ishlayotgan ishchi-xodimlar vaxta rejimida faoliyat yuritishmoqda.
Karantin qoidalari asosida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar oziq-ovqat, maxsus kiyim va avtotransport vositalari bilan ta’minlanganlar.
“O‘zbekneftgaz” AJga qarashli Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumani hududida joylashgan “Janubiy Tandircha” konida ham ish vaxta rejimida tashkil etilgan.
2020 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, konda 35 ta quduqdan tabiiy gaz qazib olinmoqda. 6 ta quduqda esa burg‘ilash va mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Hozirga qadar, ushbu kondan 830 mln. kub metr tabiiy gaz va 9,8 ming tonna gaz kondensati qazib olindi. 24 ta quduqda intensifikatsiya ishlari bajarilib ishga topshirildi va natijada, qo‘shimcha 4,1 mln.m³ tabiiy gaz qazib chiqarishga erishildi.
Ushbu konda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirish maqsadida bitta quvur orqali ishlayotgan 8 ta gaz quduqlarining shleyf quvurlarini alohida ulash uchun qo‘shimcha 7,8 km uzunlikdagi, diametri 114 mm gaz quvurlari montaj qilinib ishga tushirildi.
Shuningdek, 2-yig‘uv joyi quduqlaridan qazib olinayotgan gazni Gazni dastlabki tayyorlash qurilmasiga yo‘naltirish uchun 1,0 km uzunlikdagi, diametri 377 mm gaz quvuri ham montaj qilindi.
Buning natijasida, “Janubiy Tandircha” konidagi quduqlardan qazib olinayotgan tabiiy gaz tarkibidan mexanik birikmalar, kondensat va texnik suyuqlikni ajratib olish hamda tabiiy gaz quvurlaridagi gidravlik qarshilik va bosimlar farqini kamaytirish hisobiga qo‘shimcha kunlik 220,0 ming kub metr tabiiy gaz qazib olishga erishildi.
2020 yilda “Janubiy Tandircha” konidan 1,6 mlrd. kub metr tabiiy gaz va 20,5 ming tonna gaz kondensati qazib olish rejalashtirilgan. Ikkinchi yarim yillikda 8 ta quduq burg‘ilanib ishga topshirilishi mo‘ljallanmoqda va bu quduqlardan qo‘shimcha 33,3 mln. kub metr tabiiy gaz va 0,8 ming tonna gaz kondensati qazib chiqarishga erishiladi.
Hozirgi kunda "Uglevodorodlar qazib chiqarishni ko‘paytirish dasturi"ga asosan konda siquv kompressor stantsiyasi qurish maqsadida “O‘zLITIneftgaz” AJ bilan hamkorlikda loyiha oldi ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan