“O‘zbekneftgaz”: Qashqadaryodagi “Bo‘zaxur” konida ham Gazni dastlabki tayyorlash qurilmasi quriladi.
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning topshirig‘iga asosan, “Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish” boshqarmasiga qarashli “Bo‘zaxur” gazkondensat konida Gazni dastlabki tayyorlash qurilmasini qurish ishlari boshlandi.
Uglevodorodlar qazib chiqarish hajmini oshirish, gaz quvurlaridagi gidravlik qarshiliklarni bartaraf etish va qazib olinayotgan tabiiy gazni, gazni tayyorlash va qayta ishlash qurilmalariga yetkazib berish maqsadida ushbu qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, “Bo‘zaxur” konida Gazni dastlabki tayyorlash qurilmasini qurish gaz transport tizimining barqaror ishlashini ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Ushbu qurilmani qurishda separator, suyuqlik ajratgich va boshqa uskunalar "Muborak gazni qayta ishlash” zavodidan, 2 dona sig‘im, turli o‘lchamdagi quvur, sharli kran “Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish” boshqarmasi ichki imkoniyatidan kelib chiqqan holda ajratilmoqda.
Bu esa o‘z navbatida “O‘zbekneftgaz” AJ ning mavjud ichki resurslardan oqilona foydalanilishiga va sarf xarajatlarini qisqartirilishiga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, qurilish-montaj ishlari “Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish” boshqarmasining kapital qurilish bo‘limi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun: “Bo‘zaxur” gaz koni Qashkadaryo viloyatining G‘uzor tumanida joylashgan bo‘lib 1983 yilda ochilgan.
“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmatidan